Samarqandda nohaq ishdan bo‘shatilgan bog‘cha mudirasi MIB yordami bilan ishga tiklandi
Bungacha ko‘hna kentdagi 50-DMTTda bo‘lgan holatga sud tomonidan huquqiy baho berilgan.
Qayd etish kerakki, Konstitutsiyamizning 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekani mustahkamlab qo‘yilgan.
Fuqarolarimizning ushbu konstitutsiyaviy huquqlari amaldagi mehnat qonunchiligida ham o‘z ifodasini topgan bo‘lib, qonunga ko‘ra hech kim asossiz ravishda ishdan bo‘shatilishi mumkin emas. Ammo shunga qaramay, kundalik hayotda mehnat bilan bog‘liq nizolar uchrab turibdi.
Shu o‘rinda majburiy progul — bu muayyan xodim ish beruvchining aybi bilan ishlash imkoniyatidan mahrum bo‘lgan vaqt sanalib, u ish beruvchining aybi bilan yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda bejiz to‘xtalganimiz yo‘q.
Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2021 yil 23 iyundagi qarorida fuqaro U.M.ni Samarqand shahar maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 50-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimiga ishga tiklash belgilangan.
Majburiy ijro harakatlari davomida fuqaro U.M. Samarqand shahar maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 50-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimi vazifasiga ishga tiklandi.
O‘lmasjon To‘raqulov,
Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi.