Ispaniya bosh vaziri parlamentga Falastinni tan olish taklifini kiritmoqchi

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Ispaniya uning vakolati davomida Falastin davlatini rasman tan olishini e’lon qildi, deya Euronews xabar berdi. 

Kataloniyada bo‘lib o‘tgan miting chog‘ida Sanches bu chorani «adolatli ish» va Isroil-Falastin mojarosida tinchlik va xavfsizlikka erishishning «yagona yo‘li» deb hisoblab, axloqiy asosda himoya qilgan. U mazkur chorani 22 may kuni taklif qilishini ma’lum qilgan.

Pedro, shuningdek, zo‘ravonlikni to‘xtatish va G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazilishini talab qilgan. Sanches Xalq partiyasini Falastinni tan olishdan bosh tortgani uchun tanqid qilgan va sobiq prezident Xose Mariya Asnarga «Ispaniya buni tan oladi» deya javob qaytargan.

Agar Pedro o‘z va’dasida tursa, Ispaniya Yevropa Ittifoqining Falastinni tan olgan o‘ninchi davlatiga aylanadi

BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolaridan AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya Falastin hududlarini davlat sifatida tan olmaydi. Ular falastinliklar Isroil bilan mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilgandan keyingina tan olishga rozi.

Yevropa Ittifoqining 27 davlatidan to‘qqiztasi Falastin davlatini tan olgan. Ispaniyadan keyin Irlandiya ham ushbu qadamni tashlash niyatida.