Ispaniyada koronavirus xuruji yana kuchaydi

Ispaniyada favqulodda holat bekor qilinganidan buyon COVID-19 bilan kasallanganlar soni 400 foizga oshdi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Ikki haftadan ortiq vaqt mobaynida kasallanganlar soni uch barobarga oshdi: 3 iyul kuni 100 ming aholiga 8,76 nafar kasallanish holati qayd etilgan bo‘lsa, 20 iyulga kelib ushbu ko‘rsatkich 27,39 nafarga yetdi.

Ispaniya Yevropa davlatlari ichida koronavirusdan eng ko‘p aziyat chekkan mamlakatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Pandemiya boshlanganidan buyon mamlakatda rasman 311 916 nafar kasallanish holati qayd etildi. 28,4 ming kishi kasallik oqibatida vafot etdi.

Shu bilan birga mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolar organizmidagi anti tanachalarni aniqlash uchun olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, umumiy hisobda 2,3 million odam, ya’ni umumiy aholining 5,2 foizi kasallikni boshidan o‘tkazgan.