Isroilliklar paxtadan qanday qilib 50 sentnerlik hosil oladi?

Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi raisi bo‘lib ishlagan paytimda qabulimga viloyatdan kelgan kattaroq yoshdagi tarmoq mudiri kirdi. U salom-alikdan so‘ng:

- Zoyir Ziyatovich, turmush juda og‘irlashib ketdi, bilmadim qanday kun ko‘ramiz, siz berayotgan oylik maosh ikkita aroqqa  yetadi, - dedi yarim hazil yarim chin.

- Aroqning gazagiga-chi, yetmaydimi oylik maosh, - dedim jaxlim chiqib.

- Yo‘q-yo‘q, uzr, men noo‘rin hazil qilib qo‘yibman, yetadi gazagiga ham.

- Hovlingizda o‘n besh sotix yer, yana qo‘shimcha tomorqa bor. Nahotki shuncha yer bir oilani boqolmasa? Unda shaharda ishlayotganlar nima qilishi kerak? - dedim  zug‘umni kuchaytirib.

Mudir mulzam bo‘ldi.

- Zoyir Ziyatovich, kollektiv sizni besh yil kutdi, qaytib safimizga kelganingizdan xursandmiz, - deya xayr-ma’zur qilib chiqib ketdi.

1995 yil edi o‘shanda.

Surishtirib bilsam, haqiqatdan oylik maoshga kun ko‘rish qiyin, xodimlar hatto tushlikka ham chiqishmas ekan. Tashkilotimiz markaziy apparatida 30 ga yaqin xodim mehnat qiladi, ularga bepul tushlik ovqat qilib, ozgina bo‘lsa ham turmushni yengillashtirishga qaror qildim.

Xo‘sh, qanday qilib? O‘zimiz byudjet tashkiloti bo‘lsak.

Korxonamizning restorandan kam bo‘lmagan oshxonasi bor, bir tonnalik sovutkichi ham ishlab turadi. Yana bog‘imizda ellik tupdan ko‘proq hosilga kirgan yaxshi navli gilos bor. Uning mevasini kollektiv xodimlari pala-partish terib iste’mol qilarkan, ko‘prog‘ini esa qorovullar kechasi terib olib pullarkan. Bularni hammasiga barham berdim. Xodimlarga “Bugundan boshlab hech kim bir dona ham gilos olmaydi, uni  tashkiliy ravishda terib olib bozorda pullaymiz, uning puli bir yilga yetadigan go‘sht va nonni xarajatini qoplaydi, bepul tushlik ovqat tashkil qilamiz. Ovqatga ishlatiladigan sabzavotlarni o‘zimiz hovlimizdagi yer maydonida yetishtiramiz”, dedim.

Shu birgina tushlikni bepul tashkil etilishi xodimlar ish unumiga, ularning kayfiyatiga yaxshi ta’sir qildi. Ikki yil xodimlarni shu tariqa qo‘llab turdim. Keyin xodimlar maoshini ishiga qarab, oshira bordik. 

Mamlakatning iqtisodi nega bu qadar tang ahvolga tushib qolgandi o‘shanda? Bitta bizning tashkilot emas, hamma korxonalarda ahvol shunga o‘xshash edi. Aniq yili yodimda yo‘q, lekin qaysi bir yillar oylik maosh 20 dollarga to‘g‘ri kelib qolgandi. Mustaqillikka erishgan bo‘lsak, nega iqtisod jadal gurkirab ketmadi?

SSSR tarqalib ketgach, qardosh respublikalarning bir biri bilan bo‘lgan iqtisodiy aloqalari uzila boshladi. O‘zbekiston paxta yetishtirishning asosiy manbai bo‘lgani uchun sovet davlati o‘zbek xalqini un bilan to‘liq ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olgandi, biroq mustaqil Rossiya endi un yubormay qo‘ydi. Bir kuni shunday holatga keldikki, mamalakatda bor-yo‘g‘i ikki haftalik bug‘doy zaxirasi qolibdi. Shoshilinch chora ko‘rilmasa, o‘ttiz millionga yaqin aholi och qolishi hech gap emas. Qaxatchilik hidi kelib qoldi bir zumda. G‘alla yetishtiradigan qo‘shni respublika esa g‘allasiga otning kallasidek narx qo‘yib sotadigan bo‘ldi. O‘zbekiston esa paxta tolasini Rossiya va boshqa respublikalarga jo‘natib bo‘lgan. Uning pullari Moskva banklarida. O‘shanda Islom Karimovning jonbozligi bilan aholi ocharchilikdan qutqarib qolindi. Bunga qanday erishilganligidan xabardorman. G‘alla mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha ishlar ana o‘shanda boshlangandi, chunki hech kimga ishonib qolmaslik kerak ekan.

Rossiyaning haydov traktorlari kelishi ham to‘xtab qoldi, eskilarini ishlatish uchun ehtiyot qismlar yo‘q. Hukumat zudlik bilan harakat qildi. 1995 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlaridan 150 dona birinchi “Magnum”lar keltirildi. Uning har biri Rossiya traktorlarining o‘ntasini ishini bajarardi.

O‘zbekistonda nondan keyin ikkinchi o‘rinda kartoshka iste’mol qilinadi. Respublika o‘zini o‘zi kartoshka bilan ta’minlay olmaydi, sababi uning urug‘i tez ayniydi. Rossiyadan keladigan kartoshka ham to‘xtab qoldi. Hukumat shoshilinch Gollandiyadan kartoshka urug‘ini keltirdi. U sinalmagan urug‘lar edi.  Eksangiz yaxshi hosil beradi-yu, kattaroq kartoshkani kesib ikkiga bo‘lsangiz, bir piyola suvi oqib tushadi.

Respublika dunyoga yopiq, hamon SSSRning qonunlari amalda. Ularga ko‘ra, respublikaga hech narsa olib kelinishi ham, respublikadan olib chiqilishi ham mumkin emas. Ana shun day sharoitda qishloq xo‘jaligiga oid qonunlar ishlab chiqish ustida ishladik. 1996 yilning avgustida respublikaning qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha jahonga ochilishiga huquqiy imkon yaratadigan uchta qonun qabul qilindi. Bular - “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi, “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”gi va “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonunlar edi.

Faqatgina qonunlarning qabul qilinishining o‘zi xorijiy davlatlarning respublikaga yopirilib keladi, degani emas. Qonun  ishlashi kerak, buning uchun respublikani ularga tanishtirish lozim. Bu ish oson emas. Mening tashkilotim aslida ana shu masalalarni yechishga xizmat qilishga yo‘naltirilgan. SSSR tarkibida faoliyat yuritganimiz uchun xorijiy davlatlardagi seleksiya va urug‘chilik tashkilotlariga bizlarning tashkilot uncha-muncha tanish edi, faqat endi shu imkoniyatdan foydalanish kerak, xolos.

Tezda shunday imkoniyat paydo bo‘ldi. 

1996 yil dekabr oyining boshlarida respublika rahbariyati  Isroilga qishloq xo‘jaligi masalalarini o‘rganish uchun delegatsiya tashkillashtirdi. Delegatsiya rahbari Rasulmat Husanov – Qishloq xo‘jaligi vaziri. Shomurod Sattorov - Qashqadaryo viloyati agropromi boshlig‘i va kamina respublika qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi raisi. Qizig‘i shundaki, shu paytda har uchalamizdan faqat men amaldagi lavozimdaman. Rasulmat aka delegatsiyada vazir statusida bo‘lsa-da lavozimidan ketgan va ilmiy markaz boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgandi, Sattorov esa lavozimidan ozod qilingan va hali boshqa ishga tayinlanmagan. 

Safar hujjatlari tayyorlandi, biz samolyotda Tel-Avivga uchdik. Aeroportda mamlakatimiz bosh konsuli bilan Isroil qishloq xo‘jaligi vazirligi vakili kutib oldi. Kech bo‘lib qolgandi, mehmonxonaga joylashganimizdan so‘ng vazirlik tayyorlagan kechki qabul va ziyofatda ishtirok etdik. Bizlar uchun tayyorlangan o‘n kunlik programma bilan tanishdik, unga men bir-ikkita o‘zgartirish kiritish kerakligini aytgandim hammaga ma’qul bo‘ldi. Birinchi taklifim paxtani terib olish jarayonini ko‘rish bilan to‘xtab qolmasdan uni qayta ishlash jarayonini to‘liq ko‘rishimiz lozimligi, ikkinchisi imkon bo‘lsa birorta issiqxonadagi ishlab chiqarish bilan tanishish.

Ziyofat tugab vazirlik vakillari ketishgach, konsulga “Tel-Aviv bozorini ko‘raylik, ertaga vaqtimiz bo‘lmasligi mumkin”, dedim. Shomurod Sattorov: “Kech bo‘lib qoldi-ku, bozor ishlaydimi hozir ham”, dedi taajjublanib. Ammo Isroil bozorlari kecha-yu kunduz ishlaydi.

Bozorga kirganimizda men ko‘proq Sh.Sattorovni kuzatdim: u bozordagi to‘kin-sochinlik va xilma-xillikni ko‘rib hayratdan og‘zi ochilib qolgandi. Rasulmat Husanov ham hayratda.

Shomurod Sattorov bozorda bitta bulg‘or qalampirini ushlab, “Buni bilaman nima ekanligini, faqat bizlardagiga nisbatan yirik ekan, lekin mana bu yonidagilar nega sariq, ko‘k, qora va boshqa rangga bo‘yalgan?” dedi. Men “Bular bo‘yalmagan, seleksioner bulg‘or qalampirining turli rangdagi navlarini yaratgan, birovga u rang, birovga bu rang yoqadi, ularning ta’mida ham farq bor” deb tushuntirdim. Sattorov “Seleksionerlarni boshqa qiladigan ishi qolmabdi-da, undan ko‘ra yaxshi g‘o‘za navlarini yaratmaydimi?” deganda hammamiz kulib yubordik.

Bozor rastalari oralab, u Rasulmat akaga murojaat qildi:

- Ustoz, qish oyi bo‘lsa shuncha xil pomidor, bodring bo‘lishiga nima zarurat bor, axir o‘zimizni bozorlarimizda o‘sha bir xil pomidor, bodring yo bor, yo yo‘q, lekin odamlarimizning tirikchiligi o‘tayotir-ku. Bundan tashqari, bozorda men hech qachon ko‘rmagan mahsulot turlari bor, ularni nimaga ishlatilishi ham tasavvurimga keltirolmayman. O‘zimizdagi kartoshka, piyoz, sabzi, sholg‘om degandek mahsulotlardan ham xotinlarimiz turli ovqatlar qilishni eplaydi-ku, to‘g‘rimi? Bularning bozorida sholg‘om yo‘q ekan-ku, shu ham bozor bo‘ptimi”, - dedi kamchilik topmoqchi bo‘lib.

Hazil-huzil bilan gapirayotgan konsul ham kulib-kulib «Sholg‘om bor, faqat  siz uni tanimadingiz», deb o‘zimizdagi sholg‘omdan farq qiladigan sholg‘omlarni ko‘rsatdi. 

Bozorda 20 xildan ziyod kartoshka navlarini sanadik. Shomurod Sattorov “Shuncha nav kartoshkaga xaridor topiladimi o‘zi», dedi hayratlanib. Men  «Peru davlatida 2200 xil kartoshka yetishtiriladi, ularning hammasiga xaridor topiladi, jo‘ra”, dedim.

Shomurod Sattorovning gaplariga, savollariga javob talab qilinmasdi, u shunchaki dilid agi alamni to‘kib solayotgandi. Unda Qashqadaryo mentalitetiga xos fe’l bo‘lishi bilan birga cho‘rtkesarlik, dangallik xislatlari ham bor edi.

***

Isroil davlatida paxtaning hosildorligi gektariga 50 sentner ekanligi respublikamizda ko‘p targ‘ibot qilinayotgandi. Delegatsiyamiz oldiga qo‘yilgan maqsad ham shu sohani mukammal o‘rganib, Prezidentning tashrifiga tayyorgarlik ko‘rishga yo‘naltirilgandi.

“Zeraim Gedera” firmasiga yetib kelganimizda firma ofisining peshtoqidagi O‘zbekiston bayrog‘iga ko‘zimiz tushdi. Kutib oluvchilardan yoshi ulug‘rog‘i safdan oldinga chiqib, sof o‘zbek tilida “Assalomu alaykum, muhtaram mehmonlar, xush kelibsiz yurtimizga” deganida delegatsiya tashrifiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilganini angladim. O‘zga elda o‘z tilingda gap tinglash maroqli edi.

Firma qishloq xo‘jaligi ekinlarining seleksiyasi va urug‘chiligi bilan shug‘ullanar ekan, lekin asosiy ekin paxta. Firma boshlig‘i va qolgan mutaxassislarning hammasi mahalliy, faqat bizlarga salom berib kutib olgan kishi - Yuriy Penxasov Buxoro yaxudiylaridan ekan. U firmaning bosh seleksioneri. Firmaning asosiy daromadi paxta urug‘chiligidan ekan. 1 kilogramm urug‘lik chigit 6 dollar, 1 kilogramm tola esa 3 dollar. Endi o‘zingiz hisoblang: 1 kilogramm paxta xom ashyosining uchdan biri tola, uchdan ikkisi esa chigit. Shundan O‘zbekistonga urug‘lik chigit sotish asosiy maqsad ekanligi ayon bo‘ldi.

Bizlarni Isroilda g‘o‘zaning qanday navlari yetishtirilishi qiziqtirdi. Penxasov firmada  «Gedera-5», «Gedera-10» navlarini seleksiya qilib yaratgan, bu navlarga hozir talab katta ekanligi va hatto Bolgariyaga urug‘lik chigit eksport qilinayotganini so‘zlab berdi. So‘ng menga murojaat qilib “Zoyirjon aka, yoshligimdan g‘o‘za seleksiyasi bilan shug‘ullanganman, avvaliga Samarqand tajriba stansiyasida, keyinchalik esa Dushanbeda ishlaganman. «Dushanba-1», «Dushanba-2» qo‘щa navlarining muallifiman. Shu gapni aytgach, men u kishini esladim. Bir safar bu seleksioner - Yuriy Penxasov yaratgan g‘o‘za navidan olingan tola sifatini Toshkentda baholaganmiz. Shularni aytganimdan keyin u ham bu voqeani esladi. 

Xullas, dekabr oyi bo‘lsa-da paxta hosilini ko‘rsatish uchun ular bizni dalaga boshlashdi. Bordik. 50 sentnerlik hosil ko‘zni o‘ynatadi. Men Penxasovga “Yuriy aka, seleksiya ishingizga gap yo‘q, g‘o‘za bir tipda, bu sizning ulkan g‘alabangiz, navlaringizni O‘zbekistonda o‘rganamiz”, dedim. Xursandchilikdan uning ko‘zlari chaqnab ketdi.

Keyingi ko‘rganlarimizdan hayratga tushdik. Yuz foiz ochilgan paxtani mashina terib ketganda orqasida bir chigit ham qolmagandi, hatto chanoqlar ham mashina bunkeriga kirib ketgan. Bunkerdagi paxta xuddi o‘zimizdagi podborga o‘xshaydi. O‘yladikki, endi uni ko‘sak chuvish mashinasidan o‘tkazib keyin paxta zavodiga olib borishadi, deb. Yo‘q, uni shu holatida zavodga topshirar ekan. Dalaning bir chekkasida taxminan 20 tonnalik paxta bunti turardi. (Isroilda paxta tayyorlash punktlari yo‘q). Ko‘z o‘ngimizda katta kuzovli bir mashina keldi-da o‘sha buntni mo‘ljallab orqaga yurib bordi, buntga yetgach kuzovning pastidan poddon chiqib, pastga tushdi. Buntni mashina kuzoviga ortdi, lekin kuzovga paxta bilan birga yerdagi kesak, tuproq ham kirib ketdi. Shu yumushga hammasi bo‘lib 8-10 daqiqa ketdi, xolos.

Axir bu qadar ifloslanib qolgan paxtani qayta ishlaydigan zavod qanaqa ekan?

Mashina bilan ketma-ket zavodga ham bordik. Zavod o‘ta zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan, bu qadar notoza paxtani qayta ishlaydigan sexlarida chang yo‘q. Zavoddagi ishlab chiqarishning oxirgi sexida oppoq, momiqdek paxta tolasini ko‘rib, SSSR O‘zbekistonni paxta qulligida ushlab turgani yetmaganday, hech bo‘lmasa paxta tozalash zavodlarini yangi uskunalar bilan jihozlab bermagan ekan-da, dedik.

Zoyir Ziyotov.

(Davomi bor)