Istanbuldagi teraktda gumonlanuvchi hibsga olindi

Turkiyaning Istanbul markazidagi Istiqlol ko‘chasida sodir etilgan teraktda gumon qilingan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda «Anadolu» davlat axborot agentligi.

«Yakshanba kuni Istanbulning Istiqlol xiyobonida portlashga sabab bo‘lgan bombani qoldirgan shaxs politsiya tomonidan qo‘lga olindi”, — deydi Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu.

Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay agentlikka bu voqea terrorchilik harakati sifatida baholanishini aytdi.

"Biz buni terrorchilik harakati deb bilamiz. Bombani portlatgan hujumchi ayol bo‘lgan deb hisoblaymiz, ", - deya qo‘shimcha qildi Oktay.

Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Fahrettin Koja portlashda jarohat olgan 81 kishidan 42 nafari shifoxonada qolayotganini ma’lum qildi.

“Besh nafari hamon reanimatsiya bo‘limida, ikki nafarining ahvoli og‘ir”, — dedi u va ularga barcha zarur yordam ko‘rsatilayotganini qo‘shimcha qilib.

Eslatib o‘tamiz, portlash Istanbul markazida, gavjum Istiqlol ko‘chasida, Beyoglu tumanidagi Taksim maydoni yaqinida sodir bo‘ldi. Bu sayyohlar orasida eng mashhur yo‘nalishlardan biridir. Bundan tashqari, ushbu ko‘chada Rossiya konsulligi joylashgan. Turkiya matbuotiga ko‘ra, hodisa oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan.