Istiqbolli loyihalar, zamonaviy qurilishlar, daromad manbalari. Payariqda bu yo‘nalishlarda qanday ishlar olib borilmoqda?

Payariq tumani hokimligi tomonidan tumanda olib borilayotgan qurilish, yangi tashkil etilayotgan iqtisodiy korxonalar, agrar sohadagi yangiliklar bilan tanishish maqsadida jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Dastlab press-tur ishtirokchilari Imom Buxoriy majmuasida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi. Tuman hokimi Dilshod Musinov hududda qurilish-bunyodkorlik ishlari, yangi korxonalar, yoshlar bandligi va ish o‘rinlari yaratish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
- Ulug‘ ajdodlarimizga bo‘lgan hurmat, qolaversa, mamlakatimizda ichki va tashqi, ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida mazkur majmuada ulkan qurilish ishlari olib borilmoqda, - deydi D.Musinov. - Majmuada 8 ming o‘rinli masjid, to‘rtta minora quriladi. Xalqimizga xos turmush tarzidan kelib chiqib ichki va tashqi ayvonlar barpo etiladi. Qurilish jarayonida bu yerdagi tarixiy buloq va bir necha yuz yillik chinor daraxtlariga ziyon yetkazilmaydi.
Shundan so‘ng “Payariq klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan qurilayotgan yangi korxona faoliyati tanishtirildi. Keyingi yilning 2-choragida ishga tushadigan mazkur korxonada uch bosqichda ip-kalava, to‘quv-trikotaj, chigitni qayta ishlash va yog‘-moy korxonasi tashkil etiladi. Qiymati 42 million yevro bo‘lgan mazkur loyihani amalga oshirish uchun Germaniya, Shvetsariya, Yaponiya, Italiya, Xitoy davlatlaridan eng zamonaviy uskunalar keltiriladi va 1350 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi bilan yiliga 35 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkoniyati yaratiladi. Sodda qilib aytganda, tumanda yiliga tayyorlanadigan 36 ming tonna paxta xomashyosini chigitdan ajratish, birlamchi qayta ishlash, tola olish, ip-kalava holiga keltirish jarayonlari aynan shu korxonada amalga oshiriladi. Bu, albatta, hosilni xomashyo sifatida arzon narxda sotishning oldini oladi, yangi ish o‘rinlari yaratadi va qo‘shimcha qiymat yaratishda qo‘l keladi.
Tumanda iqtisodiy salohiyatni yuksaltirish bilan birga aholining ma’naviy dam olishi uchun ham sharoit yaratilmoqda. Chelak shaharchasida Xalq banki homiyligida axborot-kutubxona markazi bunyod etilmoqda.
- Mazkur axborot-kutubxona markazi qurilishi uchun AT Xalq bankining 3 milliard so‘m homiylik mablag‘i jalb etildi, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari Farrux Omonov. – Bu yerda 5 ta zamonaviy o‘quv zali, tamaddixona, taqdimotlar o‘tkazish va munozara auditoriyasi, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish burchagi, mahalliy byudjet mablag‘laridan moliyalashtiriladigan internet xizmati joriy etiladi. Qolaversa, elektron kutubxona, munozara-debat zali ham joy oladi.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari tuman hokimligida “Yoshlar daftari”gi kiritilgan 100 nafar yoshlarga o‘z ishlarini yo‘lga qo‘yishda zarur bo‘ladigan asbob-uskunalar tarqatish jarayonida ham qatnashdi. Unda 34 nafar xotin-qizlarga tikuv mashinalari, 9 nafar yoshga motokultivator, 10 dan ortiq qizga pishirish pechlari va ayollarga xizmat ko‘rsatish uskunasi, 45 ga yaqin yoshga payvandlash uskunasi va kompyuter jamlanmasi topshirildi.
Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari tumanning Ingichka hududida tashkil etilgan lalmi hududda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish jarayonlari bilan tanishishdi. Suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan bu maydonlar yaqingacha foydalanilmay kelinayotgan yerlar sirasiga kirardi. Bugun esa bu maydonlar yashil tusga kirgan.
O‘tgan yili Navoli hududida 600 gektar lalmi maydonlar o‘zlashtirilgan bo‘lsa, joriy yilda Ingichka hududidagi 1600 gektar maydon o‘zlashtirilib, kooperatsiya tashkil etildi, - deydi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Saidxon Malikov. – Lalmi hududni o‘zlashtirish uchun 230 metr chuqurlikkacha bo‘lgan 37 ta artezian qudug‘i kovlandi, 12 ta hovuz, 6 ta zaxira quduq qurildi. Ekin maydonlariga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi. 28 kilometr yangi elektr tarmog‘i tortildi. Hozir bu yerda suvning isrof bo‘lishining oldini olish uchun kechasi 2 soatdan sug‘orishni tashkil etdik. Yilning ikkinchi yarmida shu hududda yana 800 gektar lalmi maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilib, yoshlar uchun yer maydonlari ajratiladi.
Bu yerga xalqaro bozorda talab yuqori bo‘lgan eksportbop uzum va mayiz olish mumkin bo‘lgan tok ko‘chatlari ekildi. Yangi o‘zlashtirilgan maydonlar tumandagi “daftar”larga kiritilgan 3200 dan ortiq oilaga 50 sotixdan 50 yilga dehqon xo‘jaligi sifatida taqsimlab berildi. Bu esa 10 mingdan ortiq fuqaroning bandligini ta’minladi.
Ilgari suvsizlikdan qarovsiz bo‘lgan bu maydonlarda hozirda pomidor, bodring, sarimsoqpiyoz, tarvuz-qovun, kartoshka, oshqovoq, no‘xat va boshqa ekinlar parvarishlanmoqda. Suv tejovchi texnologiyalar 7 yilga 3 yillik imtiyozli muddat bilan tayyor holda berilgan.
Press-tur ishtirokchilariga qisqa muddatda samara beradigan istiqbolli loyihalar tanishtirildi. Demak, aholini ish bilan ta’minlash, daromadini oshirish borasida sezilarli loyihalar ishlab chiqilgan. Bu esa tumanda yaqin yillarda iqtisodiy o‘zgarishlar bo‘lishidan darak.
O‘ktam Xudoyberdiyev.