Italiyaning yirik banki delegatsiyasi bozor sharoitlarini o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga keladi

Bu bo‘yicha O‘zbekistonning elchisi hamda Italiyaning eng yirik — "Inteza Sanpaolo"ning Xalqaro sho‘’ba banklari direktori Janluka Tiani bilan uchrashuvda ma’lum qilingan.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasida bank xizmatlari yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

"Inteza Sanpaolo" vakili O‘zbekistonning bank sohasidagi islohotlarini yuqori baholab, mamlakat sanoati va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarining yuksak salohiyati, ularni rivojlantirishda moliya xizmatlari bilan ko‘maklashish maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan.

Shu maqsadda "Inteza Sanpaolo" O‘zbekiston bozorining sharoitlarini o‘rganish maqsadida bank delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifini tashkil qilishga kelishilgan.

Aytib o‘tish joizki, "Inteza Sanpaolo" bozor kapitallashuvi bo‘yicha Yevropada uchinchi va Italiyada birinchi (52,3 milliard yevro) o‘rinni egallaydi. 2023 yildagi sof daromadi – 7,7 milliard yevroni tashkil etgan.

Italiya banki Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari va Misrda 12 ta sho‘’ba banklariga ega. Bundan tashqari, dunyoning turli mamlakatlarida 3 ta korporativ bank, 14 ta bo‘linma, 2 ta markaziy filial, 9 ta vakolatxona hamda Xitoyning "Sindao banki"da 17,5 foiz aksiyalarga egalik qiladi.