Jahonda tillar qancha? Besh rangli ko‘l haqida eshitganmisiz?
Til qachon paydo bo‘lgan? Odatda yarim million yil avval, deb javob berishadi. Birovlar esa 1 million yil, kimdir 200 ming yil avval paydo bo‘lgan deb hisoblaydi. Xullas, anig‘ini hech kim bilmaydi.
Xuddi shunday, bugun yer yuzida qancha til mavjudligini ham aniq aytish mushkul. Negaki, qancha til borligi fanga ham to‘liq ma’lum emas.
Hozirgacha o‘rganilganiga asoslanib aytiladigan bo‘lsa, dunyoda mustaqil tillar 2,5-3 mingtani tashkil etadi. Agar hali o‘rganilayotganini qo‘yib hisoblasak, 7 mingdan ziyod.
Besh rangli ko‘l
Xitoyda g‘alati ko‘l bor. U vaqti-vaqti bilan o‘z rangini sariqdan qoramtir yashilga o‘zgartirib turadi. Yilning katta qismida bu yerda suv moviy-olmos rangda mavj uradi. Ushbu joy juda ko‘p sir-sinoat va jumboqlarga to‘la: aytaylik, qo‘shni ko‘lni muntazam qum bosib, suvi qurib tursa, bu yerda suv doimo mavjlanib turadi. Yana deng, bu ko‘l qishda qo‘shni ko‘llarni qalin muz qoplaganida ham muzlamaydi.
Mahalliy aholi bu g‘alati ko‘lga hadiksirab qarasa-da, mehr bilan bilan munosabatda bo‘ladi.
Kakku va maymunlar
XV asr oxirlarida rus savdogari Afanasiy Nikitin Hindistonga sayohat qiladi. Bu haqda uning mashhur qo‘lyozmasi - “Uch dengiz osha” kitobidan o‘qish mumkin.
Unda, jumladan, shayx Alovuddin hukmronlik qilgan jannatmakon Aland degan o‘lka haqida hikoya qilinadi. Bu yerda tunda uchuvchi “Kukku-kukku” deb qichqiradigan qush haqida yozadi: “ U kimning uyi tomiga qo‘nsa, o‘sha yerda odam o‘ladi, kim uni o‘ldirmoqchi bo‘lsa unga og‘zidan olov purkaydi”.
Bundan tashqari, Aland yonidagi o‘rmonda maymunlar va ularning knyazi yashaydi. Agar kimdir birorta maymunni xafa qilsa, u o‘z knyaziga arz qiladi, u esa o‘sha xafa qilgan odamning uyiga “qo‘shinlari”ni jo‘natadi va odamlarni o‘ldirib, uylarni vayron qiladi.
Bu voqeaga olti yuz yil bo‘lgan, tarixchilar keyingi yaqin tarixda ham kakku va maymun haqida yozib qoldirishgan. Biroq hozir bormi-yo‘q, bu haqida na hindlarning o‘zi, na sayohatchilar bir nima deyishmagan.
T.Shomurodov tayyorladi.