Janjalda erini himoya qilayotgan ayol ikki kishiga pichoq urdi
Joriy yilning 4 may kuni soat 16:30 da 33 yoshli X.X. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani, Xo‘ja MFYda qo‘shnilari - 42 yoshli M.M. va 47 yoshli K.M.larni turmush o‘rtog‘i, 35 yoshli U.X. bilan o‘rtalarida avvaldan mavjud bo‘lgan nizo sabab o‘zaro mushtlashayotganliklarini ko‘rib, M.M. va K.M.larga tan jarohati yetkazish va turmush o‘rtog‘ini ajratib olish maqsadida ularning yoniga borib, qo‘lidagi oshxona pichog‘i bilan M.M. va K.M.larga tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda M.M. va K.M.lar olgan tan jarohatlari bilan Bo‘stonliq tumani tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Sud tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ikkalasiga ham “og‘ir” tan jarohati yetkazilganligi aniqlangan.
Hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida bir dona oshxona pichog‘i va qon dog‘lari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Bo‘stonliq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan X.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.