Janubiy Koreya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi vaziyat keskinlashmoqda

16 iyun kuni ikki davlat hamkorligi ramzi hisoblangan bino Shimoliy Koreya tomonidan portlatib yuborildi. Koreya birlashuvi vaziri portlatish Shimoliy Koreya tomonidan oldindan rejalashtirilganini va bu haqda ochiq aytilganini ta’kidladi. 13 iyun kuni KXDR yetakchisining singlisi Kim Yo Chjon “tez kunlarda Janubiy Koreya chegaradagi hech kimga keragi yo‘q binoning yo‘q qilinishini tomosha qiladi”, degan edi.

Portlash Shimoliy Koreya hukumati tomonidan qurolli kuchlarni chegara hududlariga to‘plash qarori qabul qilinganidan bir necha soat o‘tganidan so‘ng sodir bo‘ldi.

Bunga javoban Seul Janubiy Koreya qurolli kuchlari jangovar holatga keltirilganini ma’lum qildi.

Janubiy Koreya shtablar rahbarlari qo‘mitasi raisi Chon Don Chjin Shimoliy Koreya tomonidan amalga oshirilayotgan Koreys yarim orolidagi vaziyatni barqarorsizlantirishga o‘rinish harakatlariga qat’iy javob qaytarilishini ma’lum qildi.

Ushbu keskin vaziyat sababli 17 iyun kuni Janubiy Koreya Milliy birlashuv masalalari vaziri Kim Yon Chxol iste’fo e’lon qildi.

“Men Koreyalararo vaziyatning yomonlashishidagi barcha mas’uliyatni qabul qilgan holda ketishga qaror qildim”, dedi Kim Yon Chxol.