Jasorat va fidoyilik unutilmaydi: Jangovar topshiriqni bajarayotib halok bo‘lgan askarlar xonadonida

Elyor Choriyev 1984 yilda Past Darg‘om tumanida tug‘ilgan. Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonligi bilim yurtini tamomlagach, Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlarida turli lavozimlarda ishladi. Mard o‘g‘lon 2016 yilning oktyabr oyida navbatdagi jangavor topshiriqni bajarish vaqtida halok bo‘lgan.

9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi mas’ullari xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan chegara qo‘shinlari askarlarining oilasi holidan xabar olib, bayram bilan qutlashdi. Elyor Choriyev ham jonini Vatani, el-yurti xavfsizligi uchun fido qilishdan qo‘rqmagan qahramonlarning biridir.

Samimiy o‘tgan uchrashuvda E.Choriyevning yorqin hayoti, xizmat vaqtida ko‘rsatgan jasoratlari, fazilatlari yodga olindi. Marhum ko‘rsatgan qahramonlik xalqimiz yodidan o‘chmasligi, oila a’zolari doiml hukumat e’tiborida bo‘lishi, farzandlari hech kimdan kam bo‘lmay voyaga yetishi uchun zarur sharoitlar yaratilishi ta’kidlandi.

— Men dadamga o‘xshashga harakat qilaman, — deydi uning o‘g‘li Meronshoh Ahmadov. — Dadam qahramon bo‘lgan, bizni, yurtimizni dushmanlardan himoya qilgan. Men ham ulg‘aysam, chegarachi bo‘lib, uning ishini davom ettirishga qaror qildim.

Jomboylik Murod Tojiyev 2011 yilda davlatimiz sarhadlarini buzib o‘tmoqchi bo‘lgan jinoyatchilarga qarshi kurash vaqtida olgan og‘ir jarohati oqibatida vafot etgan. DXX mas’ullari uning ham uyida bo‘lib, yaqinlarining holidan xabar olishdi.

Xuddi shunday, kattaqo‘rg‘onlik chegara qo‘shinlari mayori, marhum Bahrom Ergashovning oila a’zolari ham bayram bilan tabriklandi. Ular ta’lim olgan maktablarda bugun ularning byusti o‘rnatilgan. Mardlik va jasorat timsoli bo‘lgan mazkur haykallar poyiga gul qo‘yilib, marhumlar xotirasiga xurmat bajo keltirildi.

Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan boshqarma tomonidan xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan chegara qo‘shinlari askarlarining oila a’zolariga oziq-ovqat mahsulotlari, naqd pul ko‘rinishidagi moddiy yordam hamda xo‘jalik uchun zarur uskunalar topshirildi.