JCh-2022: Marokashdan yangi sensatsiya va butun dunyodagi muxlislarning munosabati

Xabar qilganimizdek, 6 dekabr kuni futbol bo‘yicha jahon chempionatida asosiy va qo‘shib berilgan vaqtda gol ura olmagan Marokash va Ispaniya terma jamoalari o‘z omadlarini penaltilar seriyasida sinab ko‘rishdi. Bu futbol lotoreyasida marokashliklar 3:0 hisobida ustun keldi.

Ispaniyani sensatsion tarzda mag‘lub etib, birinchi marta jahon chempionatining chorak finaliga chiqqan Marokash terma jamoasi ayni kunlarda ham butun dunyo bo‘ylab o‘z muxlislarini xursand qilishda davom etmoqda.

Rabotda hatto qirol Muhammad VI ham mashinasidan chiqmasdan bayramda qatnashgan.

Qatarning o‘zida hamda o‘yindan so‘ng mehmonxonaga yetib kelgan terma jamoa futbolchilari o‘z muxlislari bilan xursandchilikni baham ko‘rishdi.

Parij markazida hayajonlangan fanatlar transport harakatini buzdi. Bryusselda bayram tartibsizliklar keltirib chiqardi. 800 mingga yaqin marokashlik istiqomat qiladigan Ispaniyada ham ommaviy bayramlar bo‘lib o‘tdi.

Bu - 2010 yil jahon chempioni - Ispaniya penaltilar seriyasidan keyin chiqib ketgan ketma-ket uchinchi yirik turnirdir. Va qizil furiya muxlislarining yana bir bor bunga guvoh bo‘lishlari qanchalik qiyinligini tushunsa bo‘ladi.