Nogironligimga qarshi chiqmadim, balki u bilan yashay oldim...
Qatarlik bu yigit haqida o‘qigach, hayotga munosabatingiz, turmush tarzingiz o‘zgarishi tayin. Chunki u tanasining 4/1 qismi bilan ham sportda, tadbirkorlikda katta muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda.
G‘onim Miftah Qatar poytaxti Dohada boshlangan futbol bo‘yicha 22-Jahon chempionatini Qur’oni karimdagi: “Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatlingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh o‘ta biluvchidir, o‘ta xabardordir” ("Hujurot" surasi, 13-oyat) oyatini o‘qish bilan boshladi. U “Nogironlik ustidan g‘olib” laqabli qatarlik yosh yigit bo‘ladi.
Jismning “to‘rtdan biri” bilan hayot kechirayotgan imkoniyati cheklangan yigit deyarli imkonsiz ko‘ringanday narsalarga chaqiriq tashlagan, hayot uchun kurashgan insondir.
U juda noyob bo‘lgan “kaudal ajralish sindromi, pastki tana qismisiz bo‘lgan deformatsiya va bel umurtqalarining deformatsiyasi” kasalliklari tashxisi bilan og‘rigan.
G‘onim o‘smirlik vaqtida “Osiyoga mehrli qo‘llar” fondi tomonidan “Yaxshi niyat elchisi” deb tanlangan, shuningdek, Kuvayt amiri Saboh Ahmad as-Saboh tomonidan Qatar moliya markazi reklamalaridagi ishtirokidan so‘ng “Tinchlik elchisi” deya tanlangan edi.
Harakatlanishi cheklangan, salomatligidagi jiddiy muammolariga qaramay u figurali uchish, alpinizm, futbol, basketbol kabi sport turlari bilan shug‘ullanadi. Suzish borasidagi erishgan muvaffaqiyatlari natijasida dengizga 18 metr chuqurlikka sho‘ng‘ishga ham erishgan.
G‘onim Miftah Fors ko‘rfazi davlatlari, ko‘plab arab davlatlarida o‘tkazilgan xalqaro musobaqa va turnirlarda ishtirok etib, ko‘plab mukofotlar olgan. BAAda ham o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan sport musobaqalarida medallarni qo‘lga kiritgan.
U shunday deydi: “Sport men uchun mushaklarimni chiniqtirishga va o‘zimga bo‘lgan ishonchni ortishiga yordam bo‘ladi”. Imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, G‘onim yana tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi va hozirda uning muzqaymoq ishlab chiqarish kompaniyasi bor va uni boshqa hududlarda ham kengaytirish niyatida.
Matonatli yigit ko‘p marotaba nogironlikka taslim bo‘lmaslikka ahd qilganini, doimiy tibbiy muolajalar va bu boradagi ulkan muammolarga qaramasdan, sabr-toqat, chidam va yaxshi niyat, kelajak haqidagi ijobiy o‘y-fikrlar bilan yengib chiqqanini aytadi. “Men onamdan bu olamda ilojsiz narsaning o‘zi yo‘q ekanini bildim” deya hikoya qiladi.
“Nogironligimga qarshi chiqdim, deydiganlar ham bor, lekin men nogironligimga qarshi chiqmadim, balki u bilan yashay oldim va hayotdan katta umid bilan o‘z yo‘limda davom etdim, deyman”, - deydi u.
Shuningdek, G‘onim Miftah ijtimoiy tarmoqlar va boshqa aloqa vositalari orqali imkoniyati cheklangan insonlar ham jamiyatda o‘z o‘rinlariga ega faol insonlar bo‘lishlari mumkinligi haqida ijobiy risolalar, murojaatlar yuborishni ham yo‘lga qo‘ymoqchi.
***
P/s: G‘onim Miftah 2002 yilda Doha shahrida tug‘ilgan. "G‘onim doim omadli" kitobi muallifi. Avtomashinani juda yaxshi boshqaradi. Yutubda 900 mingga yaqin a’zosi bo‘lgan shaxsiy sahifasi bor.