“Jemchujina” nodavlat bog‘chasida Turkiya tajribasi qo‘llaniladi
Samarqand tumanida joriy yilning mart oyida 20 nafar tadbirkor tomonidan oilaviy uy-bog‘cha hamda 3 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi o‘z faoliyatini boshladi. Ular orqali tumandagi 500 nafar bola bog‘chalarga qamrab olindi.
- Bog‘chamiz 100 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ta’lim rus tilida olib boriladi, - deydi Yuqori turkman mahallasida joylashgan “Jemchujina” NMTM rahbari Rahima Muhammadiyeva. – Ingliz tilida ham darslar mukammal o‘qitiladi. Bog‘chani ochishdan avval Turkiya davlatida 3 oy bo‘lib, u yerdagi bolalarga ta’lim berish jarayonini kuzatib keldik. Ularda asosiy e’tibor bolaning qiziqishiga, tug‘ma iste’dodiga qaratilar ekan. Shuningdek, mashg‘ulotlar ham erkin tarzda olib boriladi. Misol uchun bola musiqaga qiziqsa, u bilan musiqa o‘qituvchi shug‘ullanadi va bog‘chada sharoit va imkoniyatlar yaratiladi. Bu kelajakda farzandlarimiz o‘z mahoratlariga, iste’dodlariga qarab kasb tanlashida juda muhimdir. Shuning uchun, bog‘chada bolalarning qiziqishlariga qarab turli to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.
Bugun Samarqand tumanidagi 3-7 yoshgacha bo‘lgan 23328 nafar bolalarning 5338 nafari 35 ta davlat MTMlarga, 925 nafari 37 ta oilaviy MTMlarga, 410 nafari 5 ta nodavlat MTMlarga qamrab olingan.