Jomboy tumanlararo sud “chaqiruv qog‘ozi” to‘g‘ri yozilyaptimi yoki yo‘q: viloyat sudi munosabat bildirdi
Kecha, 18 noyabr kuni “Zarnews.uz” saytida “Chaqiruv qog‘ozi shunday yoziladimi?” sarlavhali maqola e’lon qilingandi.
Unda huquqshunos Y.Suyunov chaqiruv qog‘ozidan o‘rin olishi kerak bo‘lgan ma’lumotlarni batafsil keltirib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudida “o‘ziga xos” shakl va mazmundagi “Chaqiruv qog‘ozi” qo‘llanilayotgani haqda to‘xtalgan.
Samarqand viloyati sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi mazkur maqola yuzasidan batafsil o‘z munosabatini bildirdi.
“Zarnews.uz” rasmiy veb-saytida huquqshunos, mehnat faxriysi Yo‘ldosh Suyunovning “Chaqiruv qog‘ozi shunday yoziladimi?” maqolasi e’lon qilinib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudida “o‘ziga xos” shakl va mazmundagi “Chaqiruv qog‘ozi” qo‘llanilayotganligi haqida xabar berilgan va chaqiruv qog‘ozining fotosurati ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining
157-moddasida chaqiruv qog‘ozida ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar aks ettirilgan.
Maqolada tasviri berilgan chaqiruv qog‘ozidan quyidagilar aniqlandi (chunki, fuqarolik ishida chaqiruv qog‘ozining qolgan tilxat qismi saqlanadi):
- qonun talabidan kelib chiqib, sudning nomi, ya’ni “fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudi”, sudning manzili “Jomboy tumani Shayman bozori yonida”, kelish vaqti “2021 yil 14 aprel soat 11:20”, shaxs qanday ish yuzasidan chaqirilayotganligi “umumiy mulk bo‘lgan uy-joyni bo‘lish”, shaxs kim tariqasida chaqirilayotganligi, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ish bo‘yicha o‘zlari ega bo‘lgan hamma dalillarni taqdim etish to‘g‘risida taklif “ish bo‘yicha zarur dalillarni taqdim qilish”, murojaat uchun sudning telefon raqami (maqolada bo‘yalgan holda) ko‘rsatilganligi aniqlandi.
Maqolada, garchi chaqiruv qog‘ozining chiqish raqami, chiqish sanasi, muhr qo‘yilmaganligi, O‘zbekiston Respubliksining davlat gerbi aks etgan maxsus ish qog‘ozi (blankasi)da yozilmaganligi ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, chaqiruv qog‘ozi uchun qonunda mazkur talabning o‘zi mavjud emas. Bu holatga maqolaning o‘zida keltirilgan qonun normasidan amin bo‘lish mumkin.
Maqola so‘ngida, shaxsning qaysi fuqarolik ishi bo‘yicha va kim sifatida chaqirilayotganligi ko‘rsatilmaganligi holati asossiz deb hisoblaymiz. Chunki tasviri ko‘rsatilgan sud chaqiruv qog‘ozi matniga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ishning nomi, ya’ni “umumiy mulk bo‘lgan uy-joyni bo‘lish” haqida ekanligi, chaqiruv qog‘ozining quyi qismidagi da’vogar va javobgar satriga tegishli fuqarolarning ism, familiyasi keltirilgan. Bu orqali shaxsning qaysi fuqarolik ishi yuzasidan va kim sifatida chaqirilganligini ko‘rish (anglab olish) mumkin.
Mazkur maqola viloyat sudida muhokama qilindi. Sud chaqiruv qog‘ozlarini FPKning 157-moddasi talablariga to‘la muvofiqlashtirish chora-tadbirlari belgilandi”, deyiladi munosabatda.