Jomboyda maktabga qarashli yer maydonini sotgan firibgar ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmatining Jomboy tumani bo‘limi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan shu tumanda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Unda fuqaro M.S. fuqaro A.ga o‘zini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirib, unga tumandagi 14-maktab balansida bo‘lgan yer maydonining 3 sotixini tanishlari yordamida olib berish evaziga 10 400 AQSh dollarini qo‘lga kiritib, ushbu mablag‘ evaziga “Gentra” rusumli avtotransport vositasini sotib olib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadini legallashtirganligi aniqlangan.
Tekshiruv davomida, M.S.ning o‘z aybiga iqror bo‘lib, 500 AQSh dollari va 13,6 mln. so‘mni qaytarganligi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28, 211-moddasi (pora berish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.