Jomboyda ta’lim sifati oshdi(mi?)

2019-2020 o‘quv yilida Jomboy tumanidagi 56 maktabni 2373 nafar o‘quvchi bitirgan. Ularning bor-yo‘g‘i 10 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan. Bu ko‘rsatkich bilan tuman viloyatda oxirgi o‘rinlardan birini egallagan. Xo‘sh, bundan qanday xulosa chiqarildi? Nima o‘zgardi? Tumanda ta’lim sifati oshdimi?

“Marrani baland olganmiz”

2020-2021 o‘quv yili tuman xalq ta’limi tizimida o‘sish davri bo‘ldi. O‘tgan yilgi muvaffaqiyatsizliklardan xulosa chiqarilib, yuksak maqsadlar sari qadam tashlandi. Va, bu o‘z natijasini bermoqda.

- Asosan bitiruvchilarimizning oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichini oshirish uchun harakat qildik, - deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Zarifa Yusupova. – Buning uchun tumanimiz hokimi boshchiligida har bir maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari bilan suhbatlar olib bordik. Har haftada ikki marta Davlat test markazi viloyat filiali vakillari hamkorligida bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun test sinovlarini tashkil qildik. Shu va boshqa tanlovlarda yaxshi natija ko‘rsatgan 5 nafardan o‘quvchiga har oyda 1 million so‘m miqdorida bir martalik “hokim stipendiyasi” berib borildi. O‘qituvchilarimizning ham tajribasini oshirib borish, ular uchun tanlovlar tashkil etish va rag‘batlantirish choralari ko‘rildi. Bu harakatlar o‘z samarasini bera boshladi. Quvonarlisi, bitiruvchilarimizning 6 nafari dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga muddatidan oldin o‘qishga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Javohir oltita oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirdi

Hali bu hammasi emas. Uning oldiga qo‘ygan maqsadi katta. Jami 15 ta oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun o‘zini sinab ko‘rmoqchi.

- Maktabga bormasimdan akamga qo‘shilib, dars tayyorlashga qiziqardim, - deydi tumandagi 56-maktab bitiruvchisi Javohir Imomov. – 5 yoshimda alifboni, qo‘shish va ayirishni o‘rgana boshladim. Shuning uchun ham ota-onam 6 yoshimda maktabga qo‘yishgan. Matematika va ingliz tilini o‘rganishga qiziqishim kuchli edi. Oilada va maktabda buning uchun yetarli sharoitlar mavjud. Umuman, yoshlarga yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalandim va shu yil samarasini ko‘rdim. Shu paytgacha 5 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirgan bo‘lsam, uch kun avval yana bir oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lganligim haqida xushxabar keldi. Yana bir quvonarli hol, yuqori ball to‘plaganim uchun Turin politexnika universitetida ikkinchi kursdan o‘qishni boshlashim mumkinligi ma’lum bo‘ldi.

“Zo‘r” loyihasi natija beryapti

Mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirish, bu yo‘lda yetakchi bo‘lgan davlatlar tajribasidan foydalanish maqsadida “Zo‘r” (“Klass”) loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha doirasida yakunlanayotgan o‘quv yilida viloyatimizning 7 tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga amaliy yordam ko‘rsatish uchun xorijlik pedagoglar jalb qilindi. Ularning biri Rossiyadagi Astraxan davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Rasul Murodov Jomboy tumanidagi 23-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga biriktirildi.

- Asli qozog‘istonlik bo‘lgan o‘qituvchining dars o‘tish uslublari juda qiziqarli, - deydi maktab direktori Bahodir Ergashev. – Natijada o‘quvchilarimizning rus tiliga bo‘lgan qiziqishi birmuncha ortdi. Rasul Murodov faqat rus tilida gapiradi. O‘quvchilar bugun matnlarni tarjima qilishni o‘rgandi. Maktabimizda dars beradigan 6 nafar rus tili fani o‘qituvchisining ham tajribasi oshdi. Bir so‘z bilan aytganda, “Zo‘r” loyihasi natija beryapti.

Yana bir maktabning ikki nafar o‘quvchisi talaba bo‘ldi

2019-2020 o‘quv yilida tumandagi 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabini bitirgan o‘quvchilardan 20 foizi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan. Maktab jamoasi bu yil katta maqsad sari intilmoqda. 2020-2021 o‘quv yilida ta’lim muassasasini 49 nafar o‘quvchi tamomlayotgan bo‘lsa, ularning 40 nafari o‘qishni universitet va institutlarda davom ettirish istagini bildirgan.

- Maktabimiz bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha yuqori natijalarga erishishni maqsad qilganmiz, - deydi maktab direktori Shohista Namozova. – Shu paytgacha 2 nafar o‘quvchimiz – Mirsharif Azimjonov va Doston Islomov Toshkent shahridagi Puchon universitetiga muddatidan oldin o‘qishga kirdi. Boshqa bitiruvchilarimizdan ham umidimiz katta.

2020-2021 o‘quv yilida maktabni bitirayotgan 2161 nafar yoshlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirgan. O‘ylaymizki, o‘tgan bir yil davomida qilingan sa’y-harakatlar o‘z natijasini ko‘rsatadi.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.