Jomboyda tibbiyot birlashmasining 20 nafar “xo‘jalik bekasi”ga 54 million so‘mdan ko‘proq ish haqi berilmagan

Holat tuman adliya bo‘limi hamda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tuman Kengashi hamkorligida o‘tkazilgan monitoringda aniqlangan.

Bu haqda Zarnews.uz ga Jomboy tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Munis Usmonov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 sentyabrdagi “Mehnat bozorida mehnat munosabatlarini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori 4-ilovasi bilan davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga saqlanadigan tashkilotlarda band bo‘lgan xizmatchilarning keng tarqalgan lavozimlarida faoliyat olib borayotgan xodimlar ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha razryadlar tasdiqlangan.

Jomboy tumani adliya bo‘limi hamda “Adolat” SDP Jomboy tumani Kengashi hamkorligida mazkur qaror talablariga rioya etilishi holati yuzasidan doimiy ravishda monitoring o‘rganishlar o‘tkazilib kelinmoqda.

O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 20 nafar “xo‘jalik bekasi” vazifasida ishlayotgan xotin-qizlarga to‘lanishi lozim bo‘lgan jami 54 mln. 160 ming 33 so‘m, tuman xalq ta’limi bo‘limida “kotiba” vazifasida faoliyat yuritayotgan 2 nafar xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan 5 mln. 64 ming 333 so‘m ish haqi kam hisoblanganligi aniqlangan.

Holatlar yuzasidan tibbiyot birlashmasi hamda xalq ta’limi bo‘limida xizmatchilarning manfaatlarini, xususan, ularning ish haqini to‘lab berish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudiga ariza kiritilgan.

Sudning qaroriga ko‘ra, qayd qilingan ish haqlari to‘lab berilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tumanda «Talabaga madad» loyihasi doirasida birorta ham talabaga kontrakt pullari to‘lab berilmagani ma’lum bo‘lgandi.