Jomboyda yuk avtomobili "Lada Largus" rusumli avtomobilga to‘qnashib, yonib ketgan
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda yuk avtomobili yonib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat IIB holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bugun, 31 oktyabr kuni soat 15:30 larda Jomboy tumani hududidan o‘tuvchi M-39 "Toshkent-Samarqand" avtomobil yo‘lining 1071-kilometrida "DAF" rusumli yuk avtomobilining old chap tomon shinasi havo qo‘yib yuborishi oqibatida haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan va oldinda, ortga qayrilib olish manyovrini bajarayotgan haydovchi boshqaruvidagi "Lada Largus" rusumli avtomobilga to‘qnashgan.
To‘qnashuv oqibatida yuk avtomobilida yong‘in yuzaga kelgan. Yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan bartaraf etilgan. Hodisa oqibatida "Lada Largus" avtomobilining haydovchisi shifoxonaga olib ketilgan.
"Mazkur YTH yuzasidan tuman IIB YHXB hamda FVB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda", deyiladi IIB xabarida.