Jomboydagi «avariya»da «Neksiya» urib yuborgan piyoda vafot etdi

Voqea joriy yilning 16 iyul kuni yarim tunda, ya’ni soat 00:05 da «Jomboy - Eshimoqsoq» avtomobil yo‘lining Sarichashma mahallasidan o‘tuvchi 0-5 kilometrida sodir bo‘lgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, noma’lum avtotransport vositasi 1997 yilda Sarichashma qishlog‘ida tug‘ilgan, Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasida ishchi bo‘lib ishlovchi piyoda U.N.ni urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan. Oqibatda U.N. og‘ir tan jarohati olib, shu yerning o‘zida vafot etgan.

Viloyat IIB YHXBdan ma’lum qilishlaricha, 17 iyulning dastlabki daqiqalarida sodir bo‘lgan holat yuzasidan tezkor surishtiruv harakatlari olib borilgan va yo‘l-transport hodisasini Jomboy tumani Juriyat mahallasida yashovchi 1982 yilda tug‘ilgan O.P. o‘zining «Neksiya» rusumli 30 A 902 LA davlat belgili avtomashinasi bilan sodir etganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Jomboy tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.