Jomboydagi gilam ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘ldi

Jomboy tumanidagi gilam ishlab chiqarish sexida yong‘in yuz berdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kecha 14 noyabr kuni soat 14:53 da Jomboy tumani A.Qurbonov nomli mahalladagi sanoat hududida joylashgan “Ruxshona Omad Tekstilʼ” MChJga qarashli gilam ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida viloyat FVBga xabar kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 15:03 da yetib borib, yong‘in soat 15:40 da qurshab olingan va soat 16:06 da bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida sexning taxminan 250-300 kv.m. maydondagi tomi, shifti, kalava hamda dastgohlari yonib zararlangan.

Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.