Joriy yildan boshlab kasalliklarga qarshi emlash yana bittaga ortdi
Samarqand davlat tibbiyot institutida Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YuNISEF va YuNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillari ishtirokida «O‘zbekistonda yuqumli kasalliklarga qarshi yangi vaksinalarning tadbiq etilishi: maqsad va kutilayotgan natijalar» mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etgan institut olim va mutaxassislari, magistr va talabalari emlash profilaktikasi va uning ahamiyati, turlari, unga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish, vaksinalarni saqlash kabi muhim jarayonlar haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Emlash yuqumli kasalliklarning paydo bo‘lishi va tarqalishini oldini olishda eng samarali choralardan hisoblanadi. Yurtimizda so‘nggi 40 yil ichida profilaktik emlanish tufayli qizamiq, difteriya, ko‘k yo‘tal, poliomiyelit, epidemik parotit, “V” virus gipateti, qizilcha, sil, gripp va qoqshol kabi kasalliklarga qarshi kurash olib borilmoqda. Shu maqsadlarda har yili yurtimizda Milliy emlash kalendariga muvofiq, 0-6 yoshgacha bo‘lgan bolalarda 12 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash ishlari o‘tkaziladi. Joriy yildan boshlab ularning soni yana bittaga ortdi.
Turli infeksiyalarga qarshi yangi vaksinalarning bosqichma-bosqich joriy qilinishini hisobga olib, yildan yilga bolalarni emlash dasturi takomillashtirib borilmoqda. Milliy emlash taqvimi asosida profilaktik emlash yurtimizdagi barcha bolalarning 97 foizini qamrab olgan.
Dilmurod TO‘XTAYEV.