JSST COVID-19’ga qarshi kurashish uchun yana 100 milliard dollar kerakligini ma’lum qildi

Bu haqda JSST rahbari Tedros Gebreyesus ma’lum qildi, deb xabar berdi «RBK».

Uning aytishicha, birgina G20 mamlakatlari pandemiya oqibatlarini bartaraf etish uchun 10 trillion dollarni safarbar etgan.

«Yana 10 trillion dollarni COVID-19’ning keyingi to‘lqiniga sarflashdan oldin bizning hisob-kitoblarga ko‘ra dunyo yana 100 milliard dollar sarflashi lozim bo‘ladi, ayniqsa ishlab chiqilayotgan yangi vaksinalarni sotib olish uchun», — degan Gebreyesus 13 avgust kuni.

Uning ta’kidlashicha, hozirda JSSTning koronavirusga qarshi vositalarni yaratish, ishlab chiqarish, tartibga solish va sotuvga chiqarishni tezlashtirish bo‘yicha xalqaro loyihasiga 31,3 milliard dollar miqdorida mablag‘ zarur.

Gebreyesus Xalqaro valyuta fondining hisob-kitobini keltirgan bo‘lib, unga ko‘ra koronavirus pandemiyasi dunyo iqtisodiyotiga har oyda 375 milliard dollarga tushmoqda.

Shuningdek, orasidan eng yaxshisini tanlab olish uchun dunyoga koronavirusga qarshi bir necha vaksina zarurligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, yaratilgan ko‘p preparatlar hozircha ishlab chiqishning dastlabki bosqichda turibdi.

Ayni paytda dunyo bo‘ylab bir necha vaksinalar hozirda yakuniy sinov jarayonida. Rossiya birinchilardan bo‘lib COVID-19’ga qarshi vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazdi. Ushbu vaksinaning ikki dozasi kamida 10 dollardan sotilishi kutilmoqda.

AQShda Moderna kompaniyasi ishlab chiqargan vaksina 30 ming kishida yakuniy sinovdan o‘tkazilmoqda. Qozog‘istonda esa 1 avgust kuni COVID-19’ga qarshi birinchi emlash o‘tkazilgan. Germaniyada koronavirus vaksinasi 2020 yil oxirida foydalanish uchun tasdiqlanishi kutilmoqda.

Avvalroq JSSTning sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlar bo‘yicha dasturi direktori Maykl Rayan tadqiqotchilar koronavirusga qarshi vaksinalar yaratishda salmoqli natijalarga erishgani, biroq ular 2021 yildan ertaroq qo‘llanilmasligini aytgandi. Tedros Gebreyesus esa koronavirusga qarshi yaratilayotgan vaksinalar omadsizlik bilan yakun topishi mumkinligini bildirgan.