JSST O‘zbekistonga qiymati 4 million dollardan ortiq insonparvarlik yukini yetkazib berdi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi Birdamlik va COVID-19 ga javob berish global jamg‘armasi orqali JSST Bosh qarorgohi tomonidan xarid qilingan, umumiy qiymati 4 million AQSh dollaridan ortiq va umumiy og‘irligi 85 tonnaga yaqin bo‘lgan insonparvarlik yukini COVID-19 pandemiyasiga javob chora-tadbirlari doirasida, JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida, O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berdi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.
Insonparvarlik yukini jo‘natish ikki bosqichda amalga oshirildi. 619 ming 400 ta yuz himoya qalqonchasi va 2 million 176 ming dona jarrohlik niqobidan iborat birinchi jo‘natma Toshkentga 8 iyulda yetkazib berildi. Navbatdagi ko‘mak esa poytaxtimizga 17 iyul kuni olib kelindi. JSSTning bu galgi yordami shaxsiy himoya vositalari, jumladan, himoya ko‘zoynagi (95 ming 200 dona), himoya kiyimlari (178 ming dona), jarrohlik niqoblari (12 ming dona), KN95 respirator niqoblari (1 million 64 ming dona)dan iborat.
Qayd etish joiz, ushbu insonparvarlik yuki Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan yordamning bir qismidir.