Jurnalist yon daftaridan: Maqola qor yog‘sa chiqadi
- Elektrchilar kuniga bir chiroyli maqola tayyorlab keling, - dedi “Zarafshon” gazetasi bo‘lim boshlig‘i, iqtidorli jurnalist Adham Hayitov.
Maqola qahramonini uch kun deganda topdim.
- E, uka, bizning nimamizni yozasiz? - dedi tuman elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Xo‘roz Orzuqulov. - Mana, qarang, qo‘llarim qop-qora. Yarim kechasi uyqudan qolib, tizza bo‘yi qorda piyoda yurdim va har bir simyog‘ochni ko‘zdan kechirib, G‘o‘bdin tog‘i etagidagi fermaning svetini yoqib kelyapmiz. Yo‘limizdagi “A” harfiga o‘xshash simyog‘ochdan kuchli shamol tufayli elektr simlari chiqib, chalkashib ketgan ekan. Tongga yaqin ishni tugatdik.
Shu gaplardan so‘ng ajoyib maqola yozildi va bungacha havo ham isib, qorlar erib ketdi. Maqoladan esa darak yo‘q.
- Uka, maqola yozaman deb jon holimga qo‘ymading, - dedi Xo‘roz aka bir kuni. - Qani o‘sha gazeta?
- Maqola qor yog‘sa chiqadi, - dedim kulib.
Keying o‘zim tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib “Adham akadan maqola qachon chiqishini so‘rayman.
- Maqola qachon chiqadi? - deb so‘rayman bo‘lim boshlig‘idan.
“Qorni kutib turibmiz. Maqola qor yoqqan kun chiqadi...”, deydi u kishi.
Ertalab shirin uyqudan bolalarning onasi uyg‘otdi:
- Suyunchi bering dadasi, qor yog‘ayapti, maqolangiz chiqadigan bo‘ldi.
Bo‘lim boshlig‘iga telefon qildim.
- Maqola chiqdi, - dedi bo‘lim boshlig‘i Adham Hayitov.
Gazetani Xo‘roz Orzuqulovga yetkazdim.
- Rahmat uka, - dedi Xo‘roz aka xursand bo‘lib. - Bizning ishimiz to‘g‘risida ham yaxshi maqola yozsa bo‘larkan-ku...
Piyozi borga o‘xshaydi
Hamkasbimiz, iqtidorli jurnalistlardan biri Po‘lat Hamdam “Krasnogvardeyskiy” sovxozida bo‘lib o‘tgan seminarda ishtirok etdi. Seminar tugagach, hamma o‘z ishi bilan to‘rt tomonga tarqab ketdi. Po‘lat Hamdam tushlik qilish maqsadida sovxoz markazidagi oshxonaga kirdi. Oshxona bo‘m-bo‘sh. Po‘lat aka duch kelgan birinchi stolga o‘tirib:
- Nima ovqat bor? - deb so‘radi xizmatchidan.
- Sho‘rva bor, - dedi u.
- Obkeling, - dedi Po‘lat aka. Birozdan so‘ng oldiga qo‘yilgan sho‘rvani qoshiq bilan aralashtirib ko‘rgach, “Sho‘rvaning ichida hech vaqo yo‘q-ku. Shef povarni chaqiring”, - dedi.
Qorayib ketgan “oq xalat”da bosh oshpaz hovliqib kirib keldi. U qoshiqni olib, sho‘rvani kovlab ko‘rdi.
- Mana, piyozi borga o‘xshaydi, - dedi oshpaz.
Shundan so‘ng gazetada “Piyozi borga o‘xshaydi” sarlavhali tanqidiy maqola chiqdi. Shov-shuvga sabab bo‘lgan ushbu maqola boshqa oshxonalarga ham ibrat bo‘ldi.
Rabbim Hotamov.