Jurnalistika erkin nafas olishni boshladi
"Ommaviy axborot vositalari davlat organlari bilan xalq o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi. Aslida, sizlar bilan tez-tez uchrashib turishimiz kerak va bu barchamiz uchun foydali bo‘ladi. Qancha ko‘p uchrashsak, yechimsiz masalalar, javobsiz savollar kamayadi. Men ijtimoiy tarmoqlar orqali ham sizlarni kuzatib, fikrlaringizni o‘qib boraman. Rahbarlarning eshigi xalq uchun, jurnalistlar uchun doim ochiq bo‘lishi kerak".
Yaqinda viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan o‘tkazgan uchrashuvida aytgan ushbu gaplari yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida gazetachilik kasbini opichlab yurgan jurnalist sifatida meni ushbu mulohazani bildirishga undadi.
Chunki ikki-uch yil burun rahbarlarning yuqoridagi kabi haqiqatni tan olishi, ayrim tashkilot va idoralarning, ayniqsa, davlat boshqaruvi organlarining oddiy xalq yoki jurnalistlarga eshik ochganiga guvoh bo‘lish amri mahol edi.
Jurnalist ish faoliyatida qaysidir mutasaddining qitiq patiga tegib qo‘ygani uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda ishlaydigan yaqinlari orqali ta’qib ostiga olingan, qaysidir direktorning davlat ta’lim muassasasi hovlisiga muxbirni kiritishni istamagan vaziyatlar, qurilish tashkiloti rahbarining "qo‘lingdan kelsa, otib tashla", deya tahdid qilgan holatlar ko‘p bo‘lgan. Bu esa jurnalistda qo‘rquv, ishidan qoniqmaslik, o‘z navbatida mahoratsizlik omillarini keltirib chiqarardi.
Aslida ilgari ham axborot olish, jurnalistik faoliyat hamda matbuot erkinligi kabi masalalar huquqiy jihatdan kafolatlangandi. Ammo boshqaruv idoralarida bunga amal qilinmasdi. Jamiyatga erkin fikrni yoyish, xalqning muammolarini ko‘tarish, mavjud muammolarga jamoatchilikning nigohini jalb etuvchi jurnalistlar erkka, e’tiborga muhtoj edi.
Bugun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari xodimlarining demokratik jarayonlar, fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi o‘rni, nufuzi oshyapti. Sohada fikrlar, qarashlar xilma-xilligini ta’minlashga oid jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda. Matbuotda, mediatarmoqlarda oshkoralik, tahlil va xolis tanqid ruhi kuchaydi.
Yaqindan jurnalistlar huquq-tartibot organlari rahbarlari va sudlar raislari bilan viloyatdagi noqonuniy qurilishlarni muhokama qildi. Shu paytgacha ommaviy axborot vositalariga aytilmagan ma’lumotlar berildi.
Darvoqe, viloyat rahbari tuman va shahar bosma ommaviy axborot vositalarining moddiy-texnika bazasi, mazmun-mohiyatini yaxshilash borasida ham xayrli ishlarni boshladi. Viloyat matbuoti tarixida kamdan-kamdan kuzatilgan, qurilish, obodonchilik yo‘nalishida qonun ustuvorligini ta’minlash va aniqlangan qonunbuzilish holatlariga doir muhim ma’lumotlar jurnalistlarga oshkor qilindi.
Hokim ta’biri bilan aytganda, har bir ommaviy axborot vositasi o‘sha hudud rahbarlarining, muassisning yuzi. Har bitta mutasaddi masalaga ana shu nuqtai nazardan yondashib, o‘z fikri, g‘oyasi, siyosatini matbuot, televideniye, kerak bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ib etishi zarur. Bugungi davr jurnalistining balandparvoz gaplardan qochib, hududdagi real hayotni ko‘rsatish, tanqidiy-tahliliy materiallar berishini taqozo etmoqda.
Ammo hali jurnalistikaning chin ma’noda rivojlanishi, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, OAVning amalda "to‘rtinchi hokimiyat" darajasiga yetishi uchun bir qator muammolar borki, uni yengib o‘tish uchun hali ko‘p ter to‘kishimiz kerak. Muhimi, bugun mamlakatimizda jurnalistika erkin nafas olishni boshladi.
Abdug‘ofur ShERXOLOV.