Jurnalistika nonini yeyishga temirdan tishlaringiz bormi?

Aziz do‘stim!
Fikrlarimni maktub shaklida qog‘ozga tushirishga sabablar ko‘p. Chunki jurnalist bo‘laman, deya ahd qilgan yosh uka, singillarimga aytadigan gaplarimiz to‘planib qoldi. Keyingi yillarda amaliyot o‘tash uchun tahririyatimizga ko‘plab talabalar kelyapti. O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi qoshida tashkil etilgan “Mahorat maktabi”da ham qo‘ldan kelgancha kasb sir-asrorlarini o‘rgatayapmiz. Lekin ular bilan suhbatlashar ekanmiz, kasbga nisbatan munosabatda o‘zimiz kutmagan boshqacha yondashuvlarni kuzatyapmiz.
Bugun faqat yoshlar emas, jurnalistika ham o‘zgarib ketdi. Odamlar televizor ko‘rmay qo‘ydi, gazeta o‘qimayapti, deya yozg‘irish oson. Hatto ziyolilarning qo‘lidan telefon tushmaydi, qisqa xabarlar, bachkanaroq videokontentlar – aksar zamondoshlarimizning ma’naviy, axboriy ozuqasi shular bo‘lib qoldi. Ammo shunday ekan, deya qo‘l qovushtirib bo‘lmaydiku. Siz, yoshlardan bu masalada umidimiz katta! Chunki haqiqatan ham sohaga qiziqayotgan va o‘z so‘zini ayta oladigan yoshlar oramizda ko‘p.
O‘tgan gal amaliyotga kelgan talabalarning aksariyati o‘qishni tugatgach, bu sohada ishlamasligini ochiqdan-ochiq aytishdi. Chet tillarni chuqurroq o‘rganib, daromadliroq, ko‘proq mablag‘ keltiradigan sohani tanlayotganlarini bildirishdi. Ularning bu iqroridan bir tomondan xursand bo‘lsam, bir jihati qattiq xafa qildi. Fikrlarini xaspo‘shlamay, ochiqcha bildirgani yaxshi, chunki pulga qiziqqan, doim daromadni o‘ylagan odamdan rostdan ham yaxshi jurnalist chiqmaydi. Lekin ikkinchi tomondan ular kasb tanlashni nega oliy ta’lim dargohiga kirmasdan avval boshlamadi ekan? Oilada bu haqda fikrlar bildirilmadimi, deb o‘ylab qolaman. Biz nima demaylik, kasb tanlash, bolaga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatish avvalo ota-onaning vazifasi.
Yaxshi esimda, maktabning 5-6 sinfida o‘qirdim, chamasi. O‘sha paytlar viloyat gazetalari “Lenin yo‘li” va “Leninskiy put’” (hozirgi “Zarafshon” va Samarkandskiy vestnik” gazetalari) haftada besh marotaba nashrdan chiqardi. Mening asosiy vazifam, shu gazetalarni dadamning stoliga keltirib qo‘yishdan iborat edi. Uyimiz yaqinidagi kioskka hammadan avval borishga harakat qilardim. Chunki gazetalar tugab qolishi mumkin edi. Agar o‘sha kuni gazetalar uyga kelmasa, dadamdan jiddiy gap eshitardim, shuning uchun bu ishga juda mas’uliyat bilan qaradim.
Gazetalarni olib kelardimu, o‘zim ham o‘qib chiqardim. Maqolalar mualliflarni juda boshqacha insonlar deb tasavvur qilardim. Men ham shunday maqolalar yozsam edi, deb orzuga berilardim. Xullas, aytmoqchimanki, jurnalistika men uchun kurerlikdan boshlangan.
Ko‘p kitob o‘qirdim, dadam ba’zi kitoblarni hali yoshsan, deya o‘qishga taqiqlab qo‘ysalar-da, ularni ham yashirib o‘qishga harakat qilardim.
Aytmoqchimanki, inson o‘z maqsadini hali oliy ta’limdan oldin aniqlay olsa, maqsadlariga yetishda to‘g‘ri yo‘ldan borishi ham osonroq kecharmidi.
Ehtimol, talabalarga topshiriq berayotganda biz ham biroz sustkashlik qilayotgandirmiz, deb o‘ylayman ba’zida. Ayniqsa, qiz bolalarga u yoki bu hududdan maqola qilib keling, falon kasb egasi bilan suhbatlashing, fikrlarini biling, deya qat’iy topshiriq berishga ba’zida ikkilanib qolaman. Hali yosh bo‘lsa, falon tashkilotga borsa, unga yaxshi munosabatda bo‘lishadimiyoki biron noo‘rin gap-so‘z bo‘lsa kasbga intilishi so‘nib qolmasmikan, degan xavotir ham bo‘ladi.
Bizning ustozlarimiz bu borada qat’iyroq bo‘lganmi, deb o‘ylayman. Chunki ilk suhbatim kechagidek esimda.
“Registon” gazetasida o‘tgan amaliyot paytimiz Gulchehra Aliboyeva Samarqand shahrida yashovchi imkoniyati cheklangan bir ayol xonadoniga suhbatlashish uchun jo‘natgandilar. O‘shanda talaba edim va birinchi marta maqola tayyorlash niyatida kimningdir uyiga borib, suhbatlashishim kerak edi. To‘g‘risi, hali yosh bo‘lganim ayolning juda nochor oilaviy holati tufaylimi savollarim yodimdan chiqib, yig‘lagim kelaverdi. Keyin o‘zimni qo‘lga olib, u-bu narsalarni so‘rab oldim. Shu javoblar asosida nimalardir qoraladim. Lekin maqola hissiyotga to‘la edi. Keyinchalik ish faoliyatimni boshlagach, tushundimki, qahramonlaring bilan suhbatlashish uchun hissiyotlardan ko‘ra, bilim, samimiylik, suhbatdoshingni yaxshiroq bilish va unga to‘g‘ri yondashuv muhim ekan.
Undan keyin juda ko‘p insonlar bilan suhbatlashdim, ular orasida taniqli olimlar, ziyoli, shifokoru ta’lim fidoyilari, amaldorlaru oddiy dehqonlar, umuman, jamiyatning barcha qatlami vakillari bor. Angladimki, jurnalist har qanday davrada o‘zligini saqlab qolishi barobarida o‘sha davraga mos tarzda harakat qilishi lozim ekan. Deylik, sen kam ta’minlangan oilalardagi vaziyatni o‘rganish uchun borar ekansan, u yerga har kuni ishga kiyadigan kiyimlaringni kiyib borolmaysan. Bu jurnalistikaning o‘ziga xos etikalaridan biridir. Bilim bilan bir qatorda oddiy kiyim ham qahramoningni gapirtirishda muhim ahamiyatga ega. Oddiy bir oilaga hashamli kiyinib borar ekansan, bu oila a’zolari senga ko‘nglini ocholmaydi, ming istasang-da, ular bilan samimiy suhbat qurolmaysan.
Jurnalistikaning nozik sir-asrorlarini o‘qishning tugatib, bir nechata ko‘ngiochar gazetalarida ishlaganimdan so‘ng, viloyat “Zarafshon” gazetasiga kelganimdan so‘nggina yaqqolroq angladim. Professional jurnalistik faoliyatimni aynan shu yerda boshladim, desam hech mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Sababi, bu maskanda yozayotgan har bir so‘zingga nechog‘lik javobgar bo‘lish mumkinligini, odamlardan kelayotgan maktublar sen yozayotgan maqolangday qadrli ekanligini, ayniqsa, murojaatlardagi shikoyat motivi juda chuqur o‘rganilishi, tanqidiy maqolalar faqat bir insonning fikri bilan emas, shu soha vakillari va xolis ekspertlar yondashuvi bilangina gazeta yuzini ko‘rishi kerakligi va boshqa, sohaga doir yuzlab nozikliklarni aynan shu yerda o‘rgandim.
Aytmoqchimanki, jurnalist bir umr o‘rganishi kerak mahkum ekan. To‘rt yillik saboq sizga bir umrlik bilimni bermaydi. To‘g‘ri, hamma sohada ham o‘qib-izlanish lozim. Lekin jurnalistikada boshqa sohalardan farqli o‘laroq bir necha oy o‘rgangan narsang, bitta maqola bilan yakun topishi, ya’ni bu bilimlar boshqa asqotmasligi mumkin.
Har bir maqola bitta daraja, senga nisbatan munosabat degani. Shuning uchun nafaqat tanqidiy maqola, hatto u yoki bu sohada yutuqqa erishayotgan insonlar haqda maqolalarga ham ba’zida e’tiroz bo‘lishi turgan gap. Bir marta shunday holat kuzatilgandi. Juda ko‘p natijalarga erishgan ta’lim muasassasi haqda maqola tayyorlashimga to‘g‘ri keldi. Bordim, ko‘rdim, o‘rgandim. Boshqa hududdagi soha vakillaridan ham fikrlarini so‘rab bildim, ishonchim komil bo‘lgach maqola yozdim. Maqola e’lon qilingach, yaxshi fikrlar bildirildi. Ammo bir telefon qo‘ng‘irog‘i hech tinchlik bermasdi. U o‘sha ta’lim muassasasi bunday maqolaga munosib emasligi, men jurnalist sifatida xolis yo‘l tutmaganimni aytdi. Afsuski, keyin bilsam, anonim qo‘ng‘iroq egasi maqolam qahramoni “kursi”sini ko‘zlab yurganlardan biri ekan.
Yana bir holat hech esimdan chiqmaydi. Bundan ancha yillar avval Samarqand shahridagi bog‘chalardan biridan shikoyat tushdi. Shikoyatni o‘rganish davomida undagi kamchiliklar tasdig‘ini topganini ko‘rdim. To‘g‘risi, hatto ota-onalar bilan suhbatlashishga ham ehtiyoj yo‘q edi, sababi kamchiliklar kunday ravshan edi. Shuning uchun bog‘chadan keliboq tanqidiy maqolani yozishga kirishdim. Maqola e’lon qilindi. Qaysidir ma’noda vazifamni bajardim, vijdonimga xilof ish qilmadim, tahririyatga kelgan va menga topshirilgan shikoyat xatini “yopdim”. Ammo buni qarangki, ish hali to‘liq yopilmagan ekan. Oradan ancha muddat o‘tgach, huzurimga o‘sha bog‘cha mudirasi, yoshi ulug‘ otaxon bilan kirib keldi. Sobiq bog‘cha mudirasi (u maqoladan so‘ng ishdan chetlatilgan edi) bu bog‘chada juda ko‘p ishlarni amalga oshirgani, lekin uning joyiga ko‘z olaytirganlar borligi va ular to‘g‘ri ishlashga qo‘ymayotganligini aytib yig‘ladi. Ayolning otasi meni bu maqolani e’lon qilib noto‘g‘ri ish qilganimni aytdi. Bu gaplar ko‘nglimga tegayotgan bo‘lsa-da, ammo ularni indamay oxirigacha eshitdim. Barcha fikrlarini gapirib bo‘lgach, men maqolani ularga ko‘rsatdim. “Uni o‘qidingizmi?”, deb so‘radim. Maqolani hatto o‘qimagan ekan ular. Men bog‘chadagi kamchiliklarning hatto yarmini ham maqolaga kiritmaganimni dalil va faktlar bilan aytib berganimdan so‘ng, ular ko‘nglidagilarini aytib qo‘ya qolishdi. Ushbu bog‘chaga yaqindagina kattagina pora bilan ishga kirganini aytib qoldi. Maqolaning bundayin kutilmagan “natijasi” fikrlarimni ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi. Demak, maqolaga munosabat sifatida bog‘cha mudirasi ishdan olinyaptiyu, lekin keyin yana kimningdir falon so‘mli porasi evaziga boshqa bittasi amal kursisiga kelib o‘tirarkanda?! Demak, mening maqolam kimlarningdir yana pora olishiga sabab bo‘lar ekan-da, deb juda ko‘p kuyungandim.
Jurnalistlik kasbi shunday – sen aytayotgan so‘z kutilgan va kutilmagan natijalarga to‘la. Faqat yillar o‘tishi bilan tajribang oshib, bu so‘zlaring nechog‘li ta’sir qilishini anglab borasan va shunga qarab yozishga, fikrlashga harakat qilasan. To‘g‘ri, bu qaysidir ma’noda fikrlaringni cheklashi mumkin, ammo endi o‘qni nishonga to‘g‘riroq mo‘ljallay boshlaysan. Bu gap ham bir qaraganda nisbiy. Chunki bugun so‘zga ming xil to‘n bichib kiygizayotganlar orasida o‘z haqiqatingni aytish chindanam qahramonlik bo‘lib qoldi. Muhimi, bu haqiqatingni xolislik va adolat ila yetkaza olishda. Aynan shu yerda adashmasak bo‘lgani, aziz do‘stim.
Jurnalistikaning noni qattiq, deya ko‘p aytgan ustozlarimiz. Buni yillar o‘tib tushunib boraverar ekanmiz. Va yuragida kasbga muhabbat, mehr bo‘lmasa bu sohada qolish qanchalik mushkul ekanini anglab boraveramiz. Muhimi, xatolarimizdan xulosa chiqarib, keyingi gal adashmasligimizda. Xo‘sh, Siz shunga tayyormisiz? Jurnalist nonini yeyishga temirdan tishlaringiz bormi? Unda ketdik, biz Siz bilanmiz!
Gulruh MO‘MINOVA.