Jurnalistika oshkoralikni ta’minlaydigan tizim. Bugun soha xodimlari buni nechog‘li oqlayapti?

Hozirgi kun jurnalisti qanday bo‘lishi kerak, undan nima talab etiladi?

Yozishda, yoritishda qay jihatlarga ko‘proq ahamiyat qilinadi?

Bugungi kun bosma nashrlarni nima qiynayapti?

Ochiqlik, oshkoralik ta’minlanyaptimi?

Shu kabi savollarga Sirdaryo viloyatida “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzusida tashkil etilgan respublika  mintaqaviy seminarida javob izlandi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda uyushmaning Sirdaryo viloyati bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan seminarda Samarqand, Jizzax, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, uyushma viloyat bo‘limlari vakillari, sirdaryolik hakmkasblar jam bo‘ldi.

- Avvalo, jurnalist xoh televideniyeda, gazetada yoki internet nashrida faoliyat ko‘rsatsin, u xolis va adolatli bo‘lishi kerak, - dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov. – Shuningdek, ijodkor sifatida erkin fikrga ega, vaziyatni to‘g‘ri baholay oladigan, o‘z pozitsiyasida tura oladigan bo‘lishi lozim. Shu kabi xislatlarga ega jurnalist ijodkor o‘z haq-huquqlarini qayerda, qay tarzda himoya qilishini yaxshi biladi. Bizning asosiy maqsadimiz ham shu aslida. Bu borada keyingi paytda jurnalistikaga oid qonuniy hujjatlarning qabul qilinishi va amaliyotda qo‘llanishi ham albatta ularning faoliyatini yanada kengaytirmoqda.

Biz uyushma tomonidan barcha ijodkorlarni qonuniy manfaatini himoya qilish barobarida ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va albatta rag‘batlantirishga tayyormiz. Kelgusida nafaqat respublikamiz, balki xorijdagi sanatoriylarda dam olishlari uchun imtiyozli yo‘llanmalar ajratiladi. Bundan tashqari, gazetalar qoshida tashkil etilgan mahorat maktablari uyushma tomonidan moddiy qo‘llab-quvvatlanadi.

Shuningdek, tadbirda jurnalistika sohasida kadrlar masalasini hal qilish borasida har bir viloyatda mahorat maktablari tashkil etilishi kerakligi, bu amaliyot Samarqand viloyatida allaqachon boshlangani va ko‘plab yetuk kadrlar yetishib chiqqani aytib o‘tildi.

-  Jurnalistika bu hayot mexanizmining murvatidir, - dedi Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi raisi Farmon Toshev. – Chunki o‘sha murvat buralmas ekan, aholini qiynab kelayotgan muammolar ochiqlanmaydi. Bu kabi muammolarni olib chiqishda albatta jurnalistdan professionallik talab etiladi. Qaysiki, materialni tayyorlashdan oldin o‘sha jarayonni tasavvur qilish va joyiga borgan holda ma’lumotlar to‘planishi lozim. Ana shundagina maqola jonli va albatta ishonchli bo‘ladi. Afsuski, ba’zida tezkorlikni shoshma-shosharlik bilan almashtiradigan holatlar ham uchramoqda. Bizning kasbimizda bu kechirilmaydi. Eng muhimi, “Ustoz-shogird” an’anasiga amal qilishimiz muhim. 

Uchrashuv davomida kelgusida har bir viloyatda ijodkorlar uyi qurilishi va albatta bu uyda uyushma viloyat bo‘limlari faoliyat olib borishi, yosh jurnalistlarni tayyorlashda ham baza yaratilishi aytib o‘tildi. Jurnalist ijodkorlar uchun xizmat uylari ajratilishida uyushma tomonidan hududlardagi hokimlarga xat yuborilishi bildirildi. Kelgusida bu kabi mintaqaviy seminarlar boshqa viloyatlarda o‘tkazilishiga kelishib olindi.

Seminarda ishtirokchilarga "Sirdaryo matbuoti fidoyilari" deb nomlangan kitob sovg‘a qilindi. Uyushma tomonidan sirdaryolik bir guruh jurnalistlar faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

Viloyatdagi ishlab chiqarish korxonalar faoliyati bilan ham qisqacha tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.

Husan Eltoyev.