Jurnalistikaning ertasini o‘ylab
Biz barpo etayotgan huquqiy demokratik davlatda so‘z va matbuot erkinligi doimo Bosh qomusimiz va qonunlarimiz hamda Prezident himoyasida bo‘ladi. Bu – davlatimiz rahbarining yaqinda mamlakatimiz matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigida qayd etildi.
Aslida, Prezidentimiz bu fikrlarni ko‘p ta’kidlaydi, qayerdaki ommaviy axborot vositalari, ochiqlik haqida gap ketsa, soha vakillarini faol bo‘lishga da’vat etadi, doim bizni qo‘llab-quvvatlashini, haq-huquqlarimiz himoya qilinishini ta’kidlaydi. Bu gaplar mavridi kelgani yoki ruhlantirish uchun aytilgan fikrlar emasligini faoliyatimiz davomida ko‘rib, his qilib turibmiz.
Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbarining bu yilgi kasb bayramimiz arafasida qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha hayotida chindan ham juda katta o‘zgarish va yangiliklarga asos bo‘ldi. Qarorda hamkasblarimizni ko‘pdan buyon o‘ylantirib, tashvishga solib kelayotgan ko‘p masalalarga yechim topib berildi, tilimiz va dilimizdagi muammolar hal etildi.
Avvalo, shu yilning 1 iyulidan boshlab 2025 yil 1 iyulga qadar ommaviy axborot vositalari foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lashga o‘tishi, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan matbaa uskunalari, zamonaviy foto va radiotelevizion uskunalar hamda qog‘oz bojxona bojidan ozod etilishi tahririyatlarning iqtisodiy imkoniyatlari oshishiga asos bo‘ldi.
Soha vakillari yaxshi biladi, ommaviy axborot vositalari tahririyatlari yilni foyda bilan yakunlashi qiyin va shunday bo‘lganda ham bunga sarf-xarajatlarni qisqartirish, maosh va rag‘batlantirish fondidan tejab-tergab foydalanish orqali erishiladi. Shunda ham bu foydadan tahririyat moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yangi uskuna va texnik jihozlar xarid qilishda foydalanish ko‘zda tutiladi.
Endi ana shu masalada biroz imkoniyatlarimiz kengaydi. Davriy bosma nashrlar va kitob mahsulotlarining hozirgacha amalda bo‘lgan va kelgusi yildan bekor qilinayotgan tegishli davlat organlari va tashkilotlari hamda boshqa muassasalarga bepul tarzda beriladigan majburiy nusxalari xarajati oxir-oqibat gazeta va jurnallar obunasi hamda kitoblar tannarxiga qo‘shiladi. Majburiy nusxa hisoblangan yuztadan ortiq gazeta, jurnal, oltmishdan ko‘proq kitobning puli arzimas summa emas harholda. Endi majburiy nusxalar uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratiladi – oqilona yechim.
Qarorning eng muhim tomonlaridan yana biri, endilikda byudjet tashkilotlariga “kutubxona fondi” xarajat moddasi orqali davriy bosma nashrlar, ularning elektron shakli va elektron ommaviy axborot vositalariga obuna bo‘lish uchun mablag‘ yo‘naltirishga ruxsat berildi. Keyingi paytda “majburiy obunaga yo‘l qo‘yilmaydi” degan gap bilan ko‘plab tashkilotlar, jumladan, byudjet tashkilotlari davriy nashrlarga obuna bo‘lmayotgan edi. Ayniqsa, ta’lim muassasalariga obuna uchun mablag‘ ajratilmasligi ziyoli pedagoglarimizning gazeta-jurnal o‘qimay qo‘yishiga olib kelayotgan edi. O‘qituvchi gazeta o‘qimaganidan keyin o‘quvchilardan nima kutish mumkin? Shunday holatlar bo‘ldiki, katta-katta maktablarda hatto, bir dona bo‘lsin, bolalarga mo‘jallangan gazeta, jurnal topilmadi. Bunday maktablar hozir ham juda ko‘p.
Ayrim rahbarlar, mas’ullarning “axborotni internet orqali olish mumkin, bosma nashrlarga ehtiyoj yo‘q”, degan kalta o‘ylangan fikrlari sabab mana shunday holatlar yuzaga kelayotgandi. Endi bunga barham berilar. Albatta, bosma nashrlar tahririyatlari, matbaa korxonalari ham bugungi davr talabiga mos faoliyat ko‘rsatishi, zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanishi, nashrlarning har bir obunachiga o‘z vaqtida yetib borishiga erishishi kerak. Ayni maqsad uchun qarorda davriy bosma nashrlar, kitob va boshqa matbaa mahsulotlariga masofadan turib obuna bo‘lish va ularning buyurtmachigacha o‘z vaqtida yetkazib berilishini kuzatib borish imkonini beradigan “Obuna” yagona elektron platformasi va uning mobil ilovasini yaratish belgilangani hamkasblarimizning ko‘nglidagi gap bo‘ldi.
2026 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslar tomonidan “Obuna” yagona elektron platformasi orqali obuna qilingan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy, huquqiy, ilmiy-ommabop davriy bosma nashrlar obuna narxining 10 foiz, bolalar uchun mo‘ljallangan davriy bosma nashrlar obuna narxining 20 foiz miqdori davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan obunachilarning bank kartalariga bir oy muddat ichida qaytariladi (“Cashback”).
Bundan tashqari, har bir davriy bosma nashrning zamonaviy elektron shakli, shu jumladan, mobil ilovalarini yaratish uchun davlat byudjetidan hamda muassis bo‘lgan tegishli tashkilotlar tomonidan mablag‘ ajratilishi belgilandi. Davlat organlari va tashkilotlari muassisligida bo‘lmagan hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganiga kamida ikki yil bo‘lgan davriy bosma nashrlarning zamonaviy elektron shaklini, shu jumladan, ularning mobil ilovalarini yaratish hamda modernizatsiya qilish va bir yil davomida yuritish xarajatlarini qoplash uchun 2026 yil 1 yanvarga qadar har yili eng yaxshi 20 ta loyiha bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi. Bunda, har bir loyiha uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha bo‘lgan miqdorda mablag‘ ajratiladi.
Umuman, qarordagi mazkur yangi tartiblar bilan tahririyatlar va muassislar o‘rtasidagi munosabatlarga aniqlik kiritildi, vazifalar aniq belgilab berildi. Har bir viloyatdagi Matbuot uylarini mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan bugungi kun talablariga mos holatda ta’mirlash va jihozlash belgilandi. Ommaviy axborot vositalari tahririyatlarning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishi, iqtisodiy imkoniyatlari kengayishi, ijodiy muhitga ijobiy ta’sir qilishi, xodimlarning samarali faoliyat olib borishiga turtki berishi tabiiy. Lekin bu bilan cheklanmagan holda, qarorda faol jurnalistlarni muntazam rag‘batlantirish va ular o‘rtasida ijodiy sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida har chorakda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan 100 tagacha eng yaxshi material uchun mualliflar pul mukofoti bilan taqdirlanishi belgilandi. Buning uchun davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi.
Kelgusi yildan boshlab jurnalistlar o‘rtasida har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda bosh milliy mukofot sifatida avtomobil beriladi. Tanlovning mukofot jamg‘armasi ham anchagina ko‘paytirildi. Qarorda jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha belgilangan vazifalar, chora-tadbirlar ham bugungi kun talabidan kelib chiqib ishlab chiqilganki, bu yaqin yillarda o‘z natijasini beradi, albatta.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasining qo‘llab-quvvatlanishi, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun qulay shart-sharoit, iqtisodiy imkoniyatlar yaratilishi, huquq va vakolatlarining kengaytirilishi ham soha taraqqiyotiga xizmat qiladi. Shu va boshqa yangilik, o‘zgarishlar ifodalangan 2022–2023 yillarda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash hamda jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. E’tiborli tomoni, ushbu dasturda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari shaxsan mas’ul ekanliklari ko‘rsatib o‘tildi. Demak, qarorda belgilangan vazifalar, maqsadlar qog‘ozda qolmaydi, amalga oshadi.
G‘olib Hasanov.