Sohadagi islohotlar yangi bosqichga chiqadi, ichki ishlar organlari aholining ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantiriladi

«Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, eng asosiysi, bugungi islohotlar bosh maqsadi bo‘lgan — inson qadrini qaror toptirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.

Aslida, ushbu hujjat ichki ishlar organlarida kadrlar sohasida olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Chunki, birgina qaror bilan tasdiqlangan «Ichki ishlar organlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi»ni qabul qilish tashabbusi bundan bir yil oldin davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan edi.

Umuman, davlatimiz rahbari imzolagan hujjat shaxsiy tarkib o‘rtasida nafaqat «temir intizom»ni ta’minlash, balki sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun zamin yaratishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli hisoblanadi.

Zotan, qaror bilan ichki ishlar organlari xizmatiga nomzodlarni qabul qilish, kadrlarni tayyorlash, ularni o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ta’lim sifatini ko‘tarish, ilmiy hamda psixologik faoliyatni rivojlantirish, jangovar va jismoniy tayyorgarlik darajasini yuksaltirish hamda xizmat o‘tash masalalarida va albatta, sohani raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalar belgilandi.

Yangicha ish yurishga yaratilgan asos

Xususan, shu paytga qadar faoliyatimizda faqat «Ichki ishlar organlarining intizom ustavi»ga amal qilib kelingan. Davlatimiz rahbari imzolagan hujjat bilan esa «Ichki ishlar organlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi» qabul qilindi.

Yuqorida aytganim ustavning asosiy predmeti xodimlarni rag‘batlantirish va intizomiy jazolash faoliyatini tartibga solishdan iborat bo‘lgan. Yangi qabul qilingan Kodeks xodimlarni ma’naviyatli, sadoqatli, xalqparvar etib tarbiyalash, ularda halollik, yuqori mas’uliyat hamda odob-axloq normalariga so‘zsiz rioya etish hissini shakllantirish, shu bilan birga nojo‘ya harakatlar va korrupsion holatlarning oldini olishga qaratilgan.

Shuningdek, xodimlarning xizmatdan tashqari vaqtdagi odobi, rahbar va xodimning o‘zaro munosabati, boshliqning majburiyatini ham o‘z ichiga olgan.

Asosiysi, kodeksda belgilangan qoidalarga amal qilishning qat’iy talablari va shartlari ham belgilandi. Bundan buyon har bir xodim, u rahbar bo‘ladimi yoki oddiy xodim xizmat faoliyati samaradorligi va xizmat intizomini baholashda kodeks talablarini bilishi va unga amal qilishi asosiy mezon hisoblanadi.

Kodeksdagi qoida va talablarga amal qilmaslik yoki ularni qo‘pol ravishda buzish esa xodimni ichki ishlar organlaridan xizmatdan bo‘shatishgacha bo‘lgan intizomiy jazo chorasini qo‘llash uchun asos bo‘ladi. Shuningdek, barcha darajadagi rahbarlar kodeks talablarining bajarilishiga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish bo‘yicha shaxsan javobgar ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.

Nomzodlarni saralash zamonaviylashadi

Aytish mumkinki, kadrlarni xizmatga qabul qilish soha taqdirini belgilovchi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Ochig‘ini aytish kerak, ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilish tizimi samaradorlik jihatidan ancha eskirgan, salohiyatli nomzodlarni saralab olish imkoniyatini bermayotgan edi. Qayd qilingan hujjat bilan ushbu masala ham qayta ko‘rib chiqilib, xizmatga qabul qilishning mutlaqo yangi, takomillashgan zamonaviy mexanizmi yaratildi.

Yangi tartibga ko‘ra, tanlovlar ikki bosqichga, ya’ni saralash va o‘rganish bosqichiga ajratildi. Endi «Ye-nomzod” yopiq axborot tizimini yaratish orqali xizmatga qabul qilish jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi. Inson omili aralashuvi yuqori bo‘lgan suhbat tizimi o‘rniga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlarini qabul qilish va psixofiziologik (poligraf) tekshiruvidan o‘tkazish tadbirlari amalga oshiriladi.

Aqliy sinovlar jismoniy darajani baholashdan oldin qabul qilinadi va testlarni faqat yaxshi va a’lo bahoga topshirganlar keyingi bosqichga qo‘yiladi. Nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va shaxsiy yig‘ma jildlarni shakllantirish saralash bosqichidan o‘tgandan so‘ng amalga oshiriladi. Shuningdek, hujjat rasmiylashtirish jarayonlari byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish nuqtai nazaridan soddalashtiriladi.

Ta’kidlash o‘rinliki, shu paytgacha yangi qabul qilingan xodim hech qanday tayyorgarliksiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmatga chiqarilib, vazifalar yuklatilgan. Bu tartib va sinov uch oy, ya’ni qisqa muddat ekanligi yosh xodimlarni xizmat vazifasini lozim darajada bajara olmasligiga, xatolarga yo‘l qo‘yishiga sabab bo‘layotgan edi. Yangi tartib bo‘yicha xizmatga endi faqat salohiyatli nomzodlar tanlab olinadi hamda boshlang‘ich kasbiy bilim va ko‘nikmalarni egallaganidan so‘ng xizmat qilish uchun ruxsat beriladi.

Shu kunga qadar amalda bo‘lgan xizmatga qabul qilingan yosh xodimlarni boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmatga qo‘yish amaliyotiga barham berilib, dastlabki sinov muddati esa bir yilgacha uzaytirildi.

Ustoz-shogird an’analari

Endilikda IIOda “murabbiylik instituti”ni samarali amalga oshirishni tashkil etish, murabbiylar va yosh xodimlar faoliyatini monitoring qilish, baholash hamda uslubiy ta’minlash ishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Umuman, murabbiylik faoliyatini tashkil etish jarayonini tanqidiy o‘rganish hamda mazkur yo‘nalishni zamon va amaliyot talablarini inobatga olgan holda tubdan takomillashtirish choralarini belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Aslida bu borada ham dastlabki aniq choralar belgilangan. Misol uchun, yosh xodimlarga yoki bitiruvchilarga biriktirilgan murabbiylarga lavozim maoshining 20 foizi miqdorida har oylik ustama haq to‘lanadi. Yosh kadrlarga biriktirilgan murabbiylar faoliyatini o‘rganish orqali ularning kasbiy o‘sishlari uzluksiz monitoring qilinishi tashkil etiladi.

Bu tajribali xodimlarga katta imtiyozlar yaratiladi, degani emas. Chunki xodimlar dastlabki sinov muddati davrida kodeks qoidalari va talablarini buzgan hollarda ularga biriktirilgan murabbiylar ayblilik darajasidan kelib chiqib, egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy jazoga tortiladi. Demak, shu tariqa murabbiylar mas’uliyati ham keskin oshiriladi.

Xodim har jihatdan tayyor turadi

Qaror bilan kasbiy tayyorgarlik hamda idoraviy ta’lim sohasiga ham qator yangiliklar kiralmoqda. Zotan, bu borada ham tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, IIV Akademiyasida ichki ishlar organlari ta’lim muassasalarining pedagog kadrlarini qayta tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi, amaliyotdagi kuchli xodimlarni pedagog sifatida tayyorlash hamda pedagoglarning mutaxassisliklariga sohaning o‘ziga xos xususiyatlarini integratsiya qilish imkoniyatini yaratadi.

Qarorda shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamentiga shaxsiy tarkibning jismoniy, jangovar va psixologik tayyorgarligini yanada yaxshilashga qaratilgan bir qator muhim vazifalar qo‘yildi. Jumladan, ichki ishlar organlarida jismoniy va jangovar tayyorgarlikni tashkil etish konsepsiyasini ishlab chiqish, malaka toifasini berish tartibi va mezonlarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish orqali ularni zamon talablariga mos ravishda malakalash va malakasiga ko‘ra, haq to‘lash tartibini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, barcha darajadagi ichki ishlar organlarining jangovar shaylik va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirishni nazarda tutib, sportning yakka kurash turlari (qo‘l jangi, sambo va kurash) bo‘yicha hududiy terma jamoalar va sport seksiyalarini tashkil etish, psixologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish, uning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, mutaxassislarni xorijiy ilmiy va ta’lim muassasalarida qayta tayyorlash va malakasini oshirishni nazarda tutuvchi choralarni belgilash vazifasi qo‘yilgan.

Jamoatchilik nazorati bo‘ladi

Qarorning muhim jihatlaridan yana biri shuki, endi ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratiladi.

Shu maqsadda, Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat maslahat-kengash organi, ya’ni jamoatchilik kengashlari tuziladi.

Qaror bilan kengashlarning ham vazifalari aniq belgilab berildi. Umuman, qaror bilan tanishib chiqqan har qanday odam Prezidentimiz boshchiligida xalq manfaatlarini ko‘zlab ichki ishlar organlarida olib borilayotgan islohotlar bundan keyin ham to‘xtab qolmasligini anglashi tayin. Chunki, qarorda belgilangan vazifalar buni yaqqol isbotlab turibdi.

Aslida qarorda belgilangan vazifalar va chora-tadbirlarni birgina maqola bilan ochib berish mushkul masala. Shunga qaramay aytish mumkinki, davlatimiz rahbari imzolagan hujjat ichki ishlar organlari xodimlarning ma’naviy-axloqiy fazilatlari yuksalishiga, tartib-intizom va qonuniylik mustahkamlanishiga, xodimlarda bilim va professionalizm hamda mas’uliyat ortishiga xizmat qiladi. Va pirovardida aholining tizimdan chin dildan roziligiga erishimiz garovi bo‘ladi.

Faxriddin Rahmatov,
viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik.