Jurnalistlarning Rossiya, Turkiya va Tojikistonga ijodiy safari rejalashtirilmoqda

Bu haqda Jizzax, Navoiy va viloyatimiz jurnalistlari ishtirokida Samarqand shahrida o‘tkazilgan mintaqaviy seminarda ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va uyushmaning viloyat bo‘limi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan “Mamlakatdagi islohotlarni yoritishda janrlar va jurnalist mahoratining ahamiyati” mavzusidagi seminar qatnashchilari o‘zaro tajriba almashib, bugungi axborot asrida ommaviy axborot vositalari oldida turgan vazifalar yuzasidan fikrlashib olishdi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi O.O‘sarov, viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov va uyushmaning viloyat bo‘limi rahbari F.Toshev bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yoritishda jurnalistika, reporterlik san’ati, tahlil, badiiy-publitsistik mahoratni qo‘llay olishning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Tadbir doirasida samarqandlik bir guruh jurnalist va blogerlarga O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zolik guvohnomasi topshirildi.
- Bugun o‘zbek jurnalistikasida tub o‘zgarishlar, sezilarli siljishlar, so‘z erkinligining amaldagi isboti bo‘y ko‘rsatayotgani hech birimizga sir emas, - dedi O.O‘sarov. – Sohaga e’tibor ancha jonlangan bo‘lsa-da, hali yechimini kutayotgan muammolarimiz talaygina. Jurnalistlarning haq-huquqlarini himoya qilish, xizmat vazifasini emin-erkin ado etishi uchun bugun tizimli ishlarni kuchaytirish zarur.
Jumladan, kelgusi yildan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Oqtosh” sanatoriysida Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zolari dam olib, salomatliklarini tiklashlari uchun imkoniyat yaratiladi.
Jurnalist va blogerlarning huquqiy va ijtimoiy himoyalash masalalari ham doimiy e’tiborimizda bo‘ladi. Uyushma a’zolarining bilim va malakasini oshirish maqsadida xorijiy davlatlarga sayohatlar, tajriba almashish uchun ijodiy safarlar uyushtiramiz. Bugun bosma ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash har qachongidan dolzarb bo‘lib turganini yaxshi bilamiz. Shu maqsadda ularning moddiy ahvolini yaxshilash, obuna va boshqa moliyaviy masalalarda yordam berish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqqanmiz va bu yaqin orada o‘z samarasini berishiga ishonamiz.
Shuningdek, seminarda viloyatimizdagi 9 ta bosma nashrga “Yurida-Orfo” dasturi sertifikatlari berildi. Navoiy va jizzaxlik jurnalistlar “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik” va “Ovozi Samarqand” gazetalari tahririyatlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tadbirda mintaqaviy seminar ishtirokchilari Samarqand viloyati "Matbuot uyi" hovlisiga ko‘chat o‘tqazdi.
Viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida batafsil ma’lumot berish maqsadida seminar ishtirokchilari uchun Qorasuv massivi, Samarqand sayyohlik markazi, Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi va boshqa maskanlarga press-tur uyushtirildi.
Viloyat hokimi E.Turdimov press-tur ishtirokchilari bilan uchrashib, viloyatdagi qurilish-bunyodkorlik ishlari, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.