Kadastr xizmati: muammo, yechim va rejalar
Achchiq, ammo ochiq bir gapni tan olishimiz kerak, keyingi yillarda kadastr xizmatiga ishi tushgan insonning undan rozi bo‘lib gapirganini kam eshitdik. Kimningdir uyi kadastr qilinmagan, boshqasining hujjatlari to‘liq emas – sohada yillar davomida to‘planib qolgan muammolar ko‘rina boshladi. Yagona tizim, yechim yo‘q edi.
Shu ma’noda Prezidentimizning joriy yil 20 oktyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori sohada islohotlar davrini boshlash uchun huquqiy asos bo‘ldi, deyish mumkin. Hujjat bilan agentlikka katta vakolatlar berildi, uning tashkiliy bazasini mustahkamlash vazifalari belgilandi, eng asosiysi, faoliyatiga aralashish, ta’sir o‘tkazish qat’iy taqiqlandi. Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fozil Xudoyqulov bilan suhbatimiz mazkur qarorning ahamiyati, sohada amalga oshirilayotgan yangiliklar va ulardan kutilayotgan natijalar haqida bo‘ldi.
- Fozil aka, mazkur qaror ayrim savollar tug‘diryapti. Masalan, agentlikning hududiy tuzilmalari faoliyatini tashkil etish yakkaboshlik asosida uning o‘zi tomonidan amalga oshirilishiga oid yangi tartibni qanday tushunish mumkin? Bungacha qanday edi?
- Prezidentimizning 2020 yil 7 sentyabrdagi farmoniga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va Davlat kadastri davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligiga aylantirildi. 2021 yildagi qaror bilan esa Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarma va filiallarining Kadastr agentligining hududiy boshqarma va bo‘limlariga bo‘ysunuvi belgilandi.
Yangi hujjatda mazkur tartib yanada aniqlashtirilib, huquqiy asoslantirilgan. Bu o‘z navbatida yer va kadastr nazorati hamda aholiga kadastr xizmatini ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlarni yagona tizim orqali olib borish imkonini beradi.
- Hujjatda Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘lim va filiallarining faoliyatiga hokimlar tomonidan aralashish yoki ta’sir o‘tkazish ham qat’iy taqiqlangan. Kadastr idoralarining hududiy hokimliklardan xoli faoliyat yuritishi nima beradi?
- Ma’lumki, Kadastr agentligi tashkil etilgunga qadar tizimning quyi bo‘g‘inidagi rahbarlar hudud hokimlarining tavsiyasi asosida lavozimga tayinlangan yoki egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Agentlik tashkil etilgach, Prezidentimizning 2021 yil 24 fevraldagi qarori bilan Kadastr agentligining hududiy boshqarma va bo‘limlari boshliqlari Kadastr agentligi direktori tavsiyasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanib, ozod etiladigan bo‘ldi.
Yana bir masala. Oldin har bir viloyat va tumanda yer uchastkalari berish masalalarini ko‘rib chiqish komissiyalari bo‘lgan. Unga hokimlar boshchiligidagi davlat idoralari mas’ullari kiritilgan. E’tiborlisi, bu komissiyalarga viloyatda (sobiq) yer resurslari davlat kadastri boshqarmasi yoki tumanlarda uning bo‘limlari boshliqlari kotiblik qilgan. Ya’ni, ular yer ajratish to‘g‘risidagi qaror loyihalarini o‘zi tayyorlab, komissiyaga taqdim etgan. Bugungi kunda ushbu komissiya faoliyati batamom tugatilib, yer ajratish ishlari elektron tarzda, shaffof mexanizm asosida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Davlatimiz rahbarining 2021 yil 8 iyundagi farmoni bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid bir qator vakolatlari, xususan, yer ajratish huquqi bekor qilindi. Shunga qaramay, joylarda ba’zi hokimlar tomonidan Kadastr agentligining quyi bo‘limlari boshliqlariga yoki Davlat kadastrlari palatasining filiallari boshliqlariga eski tartib asosida yer ajratish bo‘yicha buyruq yoki ko‘rsatmalar berilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Achinarlisi, bu qonunbuzarlik uchun buyruqni bergan emas, bajargan odam javobgar bo‘lyapti. Prezidentimiz ushbu holatlarni ham inobatga olib, mazkur qarorida Kadastr agentligi va hokimlar o‘rtasidagi munosabat chegarasini ham aniq ko‘rsatib berdi, deb o‘ylayman.
- Sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatish stansiyalari haqida ma’lumot bersangiz. Qaror bilan xarid qilinishi belgilangan 80 ta shunday uskunaning nechtasi Samarqandda joylashtiriladi va ulardan bizga nima naf?
- “GNSS” stansiyalari sun’iy yo‘ldosh axborotini qayta ishlash orqali yerdagi ob’yektlarning hududiy holatini aniqlash imkonini beradi. Bugunga qadar ushbu qurilmalar viloyatning Narpay, Ishtixon tumanlari hamda Samarqand shahriga o‘rnatilgan edi.
Kelgusida xarid qilinishi belgilangan 80 ta “GNSS” qurilmasining 5 tasi viloyatimizga joylashtirilishi rejalashtirilgan. Xususan, ular Bulung‘ur, Urgut va Qo‘shrabot tumanlariga bittadan, Nurobod tumaniga ikkita o‘rnatiladi.
Uzluksiz ishlovchi mazkur stansiyalar geodeziya, topografiya ishlarida yagona koordinatalar tizimidan foydalanish imkonini beradi, shuningdek, undan kartografiya ishlarida, arxitektura va qurilish ishlarida, avtomobil va temir yo‘llarni loyihalash va qurishda, marksheyderlik, o‘rmon xo‘jaligi ishlarida, elektr va gaz tarmoqlarini yaratish va yuritishda foydalaniladi.
“GNSS” stansiyalar Kadastr agentligi tizimidagi Respublika aerogeodeziya markazi tomonidan boshqariladigan markaziy boshqaruv tizimiga ulanadi. Qurilmalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularning doimiy faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga ham shu markaz mas’ul hisoblanadi.
- Agentlikning viloyat boshqarmalarida tashkil etilishi belgilangan yangi shtat birligi - chegara masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisning vazifasi nima?
- Xabaringiz bor, keyingi 5-6 yil ichida respublikamizning qo‘shni davlatlar bilan chegarasi qayta ko‘rib chiqildi. Viloyatimiz Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh hisoblanadi. To‘g‘ri, bugun Tojikiston bilan chegaramizda masala qolmagan. 2020 yilning 7 yanvarida tuzilgan chegaralar demarkatsiya va delimitatsiya qilinishi bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma bayonnoma buning huquqiy asosi hisoblanadi. Lekin boshqa viloyatlarda vaziyat bunday emas.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan viloyatimizda mavjud 14 ta tuman, 2 ta shahar hamda 1126 ta mahallaning chegaralarini belgilash ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, Samarqand shahri tarkibida besh tuman tashkil qilinadi. Boshqa tumanlarning ma’lum bir hududi Samarqand shahri tarkibiga kiritiladi. Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatiladi.
Chegara masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis yuqoridagi ishlarni amalga oshirishda mas’ul hisoblanadi. Aytish joizki, mazkur shtat birligi ilgari sobiq “Yermulkkadastr” davlat korxonasi hisobida bo‘lib, bir viloyat uchun 0,5 stavka birligida ajratilgan edi. Tabiiyki, bu yondashuv o‘zini oqlamadi, yarim shtatda turgan xodim faoliyati samarasiz bo‘ldi. Endi bu ish bilan haqiqiy mutaxassislar shug‘ullanadi.
- Hujjatda belgilangan vazifalar ko‘lami keng. Bu sohada chuqur islohotlar davri boshlanganidan dalolatdir. Siz ayni bosqichda tizimga yana qanday yangilik kiritgan bo‘lar edingiz? Kadastr xizmatida yana qanday muammolar bor?
- Savolingizga ochiq javob beraman. Kuzatuvlarim sohada ishlash uchun kelganlarning aksariyatida “Yer meniki bo‘ladi, istaganimcha pullab, boyib ketaman”, degan xomxayol borligini ko‘rsatmoqda. Bu sababsiz emas, albatta. Tan olishimiz kerak, yaqin yillargacha ko‘pchilik kadastr bilan bog‘liq ishni faqat pul bilan bitirish mumkin, deb o‘ylardi. Ayrim xodimlarimizning hamon korrupsiyaga yo‘l qo‘yayotgani, oqibatda javobgarlikka tortilib, keng omma oldida butun tizimni sharmanda qilayotgani vaziyatni yanada og‘irlashtiryapti. Ayni xabarlarni ko‘rgan, eshitganlarda qanday tushuncha hosil bo‘ladi, deb o‘ylaysiz? Tabiiyki, yaxshi kadrlar ham tizimni chetlab o‘tishga harakat qiladi. Va aksincha, “uddaburon”lar shu yerga talpinadi. Tushunganingizdek, malakali mutaxassis kadrlar yetishmaydi bizda.
Agar sohadagi korrupsion holatlarni batamom tugatsak, eng katta yutug‘imiz shu bo‘ladi. Bu nafaqat kadrlar bilan bog‘liq muammoni yechishga, balki sohaning izchil rivojlanishiga ham xizmat qiladi.
To‘g‘ri, Prezidentimizning tegishli qarori bilan ko‘chmas mulk ob’yektlariga kadastr yig‘majildini, shu jumladan, birlamchi kadastr yig‘majildini tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmat turini xususiy sektorga o‘tkazish nazarda tutilgan. Bu kadastr tizimidagi xodimlarning fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishini cheklaydi, demakki, korrupsiyaga yo‘l ochuvchi omillar ham yo‘qoladi. Ammo bunda ham e’tiborli bo‘lish kerak. Aynan xususiy sektorga ishga olinayotgan xodimlarning malakasi, korrupsiyaga moyilligini o‘rganish zarur. Xavotirim sababi shuki, bu amaliyot 2014 yilning oxiriga qadar bor edi, o‘sha vaqtda xususiy sektordagilar viloyatning istagan yerida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlarining kadastr inventar hujjatlarini tayyorlashi mumkin bo‘lgan. Biroq o‘sha vaqtdagi tizim o‘zini oqlamadi. Boisi, xususiy kadastrchi tomonidan tayyorlangan ko‘plab hujjatlardagi ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan bo‘lib chiqdi. Oqibatda ko‘plab fuqarolar o‘z mulkiga egalik qilolmay, sud idoralarida sarson bo‘lishdi.
E’tibor berganingizdek, har ikki holatda ham kadrlar masalasi birinchi o‘ringa chiqmoqda. Shu sababli sohani yosh va halol kadrlar bilan to‘ldirish bugunning asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman.
Asqar Barotov suhbatlashdi.