Kadrlarni ishga olishda endi rahbarlarning “qosh-qovog‘i”ga qaralmaydi
Endi zaxira shakllantiriladi, tanlov o‘tkaziladi va munosib nomzodlar vakant o‘rinlarga qo‘yiladi. Prezident talabi, aniqrog‘i, kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoniga asosan shunday tartib yo‘lga qo‘yilyapti.
Aytish mumkinki, yangi tizim 4 ta vazirlik va idora, respublikamizning 16 ta hududi, shu jumladan, Samarqand shahrida ham eksperiment shaklida joriy etilmoqda.
Xo‘sh, bunda nima o‘zgaradi? Yangilik nimada? Nima uchun aynan shunday yo‘l tutilayapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Birinchidan, Prezident farmonida ham qayd etilganidek, davlat fuqarolik xizmati masalalari bo‘yicha vakolatli organning mavjud emasligi davlat organlari va tashkilotlarida yagona kadrlar siyosatini olib borishga, xodimlarni samarali boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishga, malakali kadrlar zaxirasini raqobat asosida shakllantirishga hamda ular tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining vakant lavozimlari o‘z vaqtida egallanishiga yo‘l qo‘ymayapti.
Shu va boshqa omillar sabab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil qilinib, mazkur tuzilma u davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishi belgilab qo‘yildi.
Farmon asosida milliy kadrlar zaxirasi, vakant lavozimlar va ularga tayinlash uchun o‘tkazilayotgan tanlovlar, davlat organlari va tashkilotlarining son va sifat tarkibi to‘g‘risida axborot ma’lumotlar bazasini shakllantirish uchun davlat fuqarolik xizmatining yagona elektron axborot-tahlil tizimi (www.argos.uz) yaratildi.
Albatta, bu borada shahardagi barcha davlat tashkilotlarining tashkiliy tuzilmasi hamda shtat birligi umumlashtirilib, vakant lavozimlar aniqlandi.
O‘z navbatida, shahardagi barcha bo‘lim va boshqarma, korxona-tashkilot kadrlarining ma’lumotnomasi (ob’yektivka) qaytadan talab darajasiga keltirildi, fototablitsasi tayyorlandi. Bu orqali mavjud kadrlar salohiyatini o‘rganish va ular orasidan istiqbolli kadrlar zaxirasini shaklantirish rejalashtirilgan. Qolaversa, ularni kelgusida Milliy kadrlar rezerviga qo‘shish uchun tanlov saralashlarda ishtirokni ta’minlash choralari ko‘riladi.
Alimardon RAHMATULLAYEV,
Samarqand shahar hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari.