Kalendar tarixi: Nega fevral buncha qisqa?
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nima uchun fevral oyi 28 kundan, kabisa yilida 29 kundan iborat? Bunday “adolatsizlik” qayerdan paydo bo‘lgan? Axir, 31 kunlik oylar bor - fevral hamkasblarining tartibli safida unchalik farq qilmaslik uchun ba’zilaridan bir kunni “chimchilab” qo‘ysa bo‘lmasmikan?
Umuman olganda, nega fevral boshqalarga qaraganda qisqaroq? Nega mart yoki avgust emas? Nima, u eng so‘nggi oymi?
Aynan so‘nggi, aniqrog‘i, qadimgi Rim taqvimida fevral bir vaqtlar yilning oxirgi oyi bo‘lgan.
O‘sha paytlarda yil mart oyida boshlangan bo‘lib, yilning har bir oyi dastlab 29 yoki 31 kundan iborat bo‘lgan. Fevral oxirgi oy bo‘lgani uchun unga bir kun yetmay qolgan. Sutkalardan qolgan qo‘shimcha chorak kunlar to‘planib, har to‘rt yilda mahrum qilingan oyga qo‘shimcha yana bir kun tekkan.
Eramizning Yuliy Sezar davridagi 45-yilida kuchga kirgan kalendarda oylar bizga tanish odatdagi uzunlikka o‘zgartirilib, toq oylarga 31 kun, juft oylarga 30 kun ajratildi. Oxirgi fevral oyi 29 kunga, kabisa yilida esa 30 kunga ega bo‘ldi.
Taxtga yangi imperator - Oktavian Avgust o‘tiradi. Unga avgust oyi Yuliy Sezarga bag‘ishlangan iyul oyiga qaraganda bir kun kam bo‘lgani yoqmadi. Shuhratparast Avgust kalendardagi "o‘z oyiga" bir kun qo‘shishni buyurdi. Bir kun qayerdan olindi, deysizmi? Albatta, fevral oyidan-da, negaki bu oy oxirida turardi.
O‘sha-o‘sha bo‘ldi-yu, sentyabrdan boshlab toq oylarga 30, juft oylarga 31 kun berilib, oylardagi kunlar soni o‘zgardi. Fevral esa atigi 28 kun, kabisa yilida esa 29 kunga ega bo‘ldi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.