Kambag‘allikdan chiqarish uchun imtiyoz yoki subsidiya yetarli bo‘lmaydi

Past Darg‘om tumani Joulqosim mahallasi hokim yordamchisi Jahongir Normo‘minov biz bilan suhbatda sohaning ichida yurgan mutaxassis sifatida bu bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi

 - Mahallada hokim yordamchisi sifatida faoliyat boshlaganingizga bir yarim yil bo‘ldi. Oldingizga qo‘yilgan maqsad va vazifalarni bugungacha qay darajada uddalay oldingiz?

Ochig‘ini aytganda, bu tuzilma tashkil etilib, sohadan kadrlar tanlab olinayotganida ko‘pchilik, shu qatori o‘zim ham issiq o‘rnimni sovutgim yo‘q edi. Vaholanki, bu vazifaga qo‘yilgan kadrlarga yetarlicha imtiyozlar berildi, avval ishlab turgan lavozim maoshlari saqlab qolindi. Buni o‘sha paytda tuzilma maqsad-mohiyatini yetarlicha anglab yetmaganimdan, deb o‘ylayman. Yillar davomida mahallalarda iqtisodiy va ijtimoiy muammolar yig‘ilib qolgan edi. Bevosita davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan tuzilma faoliyatidan maqsad xalq ichiga kirib, ularning dardu tashvishlariga quloq tutish, aholi muammolarini ichkaridan o‘rganib, buni bartaraf etish bo‘ldi.

Qolaversa, har qanday yangilik tizimda tezda o‘z o‘rnini topib ketavermaydi. Tizimda kamchiliklar uchrayotgani, bu, vaqt masalasiga bog‘liq. Ayrim kishilar davlatning ijtimoiy ko‘magi mohiyatini tushunmay, aksincha, boqimandalik kayfiyatiga tushib qolishidan ham bunday salbiy fikrlar yuzaga chiqyapti. Ba’zan esa joylarda o‘z ishini yaxshi bilmagan hokim yordamchilari imtiyozli kreditlar ajratishni maqsadli va manzilli yo‘lga qo‘ymagani oqibatida ham shunday tushunmovchiliklarga duch kelyapmiz.

- Manzilli va maqsadli ko‘mak, dedingiz. Buni faoliyatingizda qanday amalga oshiryapsiz?

- Bu vazifaga o‘tganimcha tuman savdo sanoat palatasi rahbari vazifasida ishlaganman. Hozirgi ishimda bu menga katta tajriba vazifasini o‘tayapti. Tajriba va kuzatuvlarim asosida shunday xulosaga keldim: faqat imtiyozli kredit yoki subsidiya mablag‘lari ajratish aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun yetarli bo‘lmaydi. Shuning uchun kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha eng avval ishni ularni tadbirkorlikning turli yo‘nalishlari va kasblarga o‘qitishdan boshlash lozim. Kambag‘allik holatlarining kelib chiqishi, birinchi navbatda, doimiy ishning yo‘qligi, ya’ni ishsizlik, ma’lumotga ega bo‘lmaganlik, shuningdek, tadbirkorlik qilish uchun bilim va malakalarning yetishmasligidandir. Misol uchun, mahallamiz aholisi orasida kambag‘allik holatiga tushgan oilalarning aksariyati ularning biron-bir ishni boshlashi uchun shu sohaga qiziqishi va tushunchasi yo‘qligidan kelib chiqyapti. Shu paytgacha tadbirkorlikni rivojlantirishga turtki beradigan sohalarning rivojlanmaganligi ham bunga sabab deyish mumkin. Maqsadni to‘g‘ri qo‘yib, ilm asosida aholini tadbirkorlik qilish bo‘yicha to‘g‘ri yo‘naltira olsak, mahallada barcha fuqarolar uchun ish o‘rni va daromad manbaini yaratishga imkoniyat mavjud aslida.

- Xotin-qizlar ishsizligi og‘riqli masala. Ayniqsa, chekka hududlarda bu ijtimoiy muammolarning ildiziga aylangan.

- Faoliyatimizning katta qismi ham shu bilan bog‘liq. Ijtimoiy daftarlarda turgan xotin-qizlarni tikuvchilik kurslarida o‘qityapmiz. Ko‘pincha uyda bichish-tikish uchun tikuv mashinkasi olishga subsidiya so‘rashadi. Uyida shunday sharoit qilib berish ham mumkin. Ammo yil davomida qo‘ni-qo‘shnining buyurtmasini kutib o‘tirib, daromad qilib bo‘lmaydi. Qolaversa, kam daromadli, aholi zich bo‘lmagan chekka hududlarda bunday buyurtmalar ko‘p emas. Shuning uchun biz asosan o‘z bozoriga ega bo‘lgan tadbirkorlarga kooperatsiya qilib berish va ishbay haq oladigan tarmoq yaratyapmiz. Shu maqsadda tuman markazida joylashgan tikish-bichishga moslashgan “Beka Charos” xususiy korxonasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Ijtimoiy daftarlarda turgan xotin-qizlar ularda qisqa muddatda ish o‘rganganidan so‘ng mahallada korxonaning filialini ochishni maqsad qilganmiz. Bunda buyurtmalar bilan tadbirkor shug‘ullanadi, tikuvchi o‘z ishi bilan band bo‘ladi. Yashirishning hojati yo‘q, oilaviy ajrimlarning ko‘pi iqtisodiy qiyinchiliklarga borib taqaladi. Shuning uchun oilada ayol kishi ham ishli bo‘lsa, bunday ijtimoiy muammolar kamayadi.

- Imtiyozli kreditlar hokim yordamchilari kafilligi asosida berilyapti. Bu mas’uliyat ham yuklaydi, to‘g‘rimi?

- Muvaffaqiyatli biznes reja kredit qaytarilishining kafolati hisoblanadi. Imtiyozli kredit olmoqchi bo‘lgan fuqarodan birinchi navbatda maqsadini so‘rayman, tadbirkorlik loyihasini ko‘raman. Tadbirkor bo‘lish uchun biznes g‘oyaning o‘zi yetarli emas. Birgalashib, ba’zan mutaxassis jalb qilib, ishlab chiqarmoqchi bo‘lgan mahsulotga talabni o‘rganib, olinayotgan mablag‘ning maqsadli ishlatilishiga ishonch hosil qilganimizdan so‘ng kredit ajratamiz. Oddiygina issiqxona qurish uchun ham aniq hisob-kitoblar zarur. Shuningdek, issiqxona qilishni maqsad qilgan kishida qishloq xo‘jaligida ko‘nikma bo‘lishi lozim.

O‘tgan yil dekabr oyida ishsizligi sabab Samariddin Rahmonovga 24 million imtiyozli kredit evaziga tomorqasining 3 sotixida issiqxona tashkil qildik. Mart oyida pomidor ekdi, hozir kunda-kun ora yuz, yuz ellik kilogramm atrofida pomidor terib, bozorga sotyapti. Mehnati ortidan ro‘zg‘orini butlab, kreditni ham o‘z vaqtida to‘layapti.

- Faoliyatingizda aholida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish ham nazarda tutilgan.  

- Tadbirkorlik istagidagi fuqaroni to‘g‘ri yo‘naltirish juda muhim. Ish o‘rni yaratish maqsadida mahallamizda faoliyat olib borayotgan “Turg‘un darvozalari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 90 million so‘m imtiyozli kredit ajratdik. Mahalladan joy ajratilib, xomashyo olib berildi. Shundan so‘ng bu yerda ish hajmi ortib, 5 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi. Bu bilan beshta oilaning qozoni qaynay boshladi.

Mahallada ish boshlaganimda 18 ta tadbirkor faoliyat yuritar edi. Hozirda 74 ta yakka tartibdagi tadbirkor va 60 ta yuridik korxona ishlab turibdi. Bularning asosiy qismi imtiyozli kreditlar hisobidan. Xususan, 31 ta savdo, 20 ta sanoat, 3 ta xizmat ko‘rsatish, 3 ta qurilish va 3 ta qishloq xo‘jalik sohasida korxonalar aholi bandligini ta’minlashda muhim o‘ringa ega.  

Mahalladagi tadbirkorlardan biri G‘iyos A’zamov 5-6 metr kvadrat maydonda biogomus yetishtirar edi. Qarasam, ishining ko‘zini biladigan kishi. Unga oilaviy korxona tashkil etishda ko‘maklashdim. O‘z ishni qo‘ni-qo‘shnilarga ham o‘rgatdi. Hozir biogomus yetishtirishda tumanimizda ta’minotchiga aylandi. Uning yana bir hunarini keng joriy etdik. 30 million so‘m imtiyozli kredit ajratib, quduqlar uchun beton devorlar va ularga mo‘ljallangan qoliplar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi. Bu soha hozirda mahallaning asosiy drayveriga aylandi. Ko‘p xonadonlarda quduqlar uchun maxsus beton devorlar tayyorlanyapti. Asosiysi, tadbirkorning faoliyatini rivojlantirish orqali 10 nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlandi.

Ba’zan tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil qilishda hududdagi infratuzilmaning ham o‘rni muhim. Chekka hududlarda esa bu sohada muammolar bor. Bu jabhaga butunlay bog‘liq bo‘lgan ayrim korxonalar mahallamizda tashkil etilsada, tuman markazida faoliyat ko‘rsatishga majbur bo‘lyapti. Bu muammolar ham o‘z vaqtida hal etilsa, aholining yashash sharoiti ham yaxshilanar edi.

 Sulaymon MARDIYeV suhbatlashdi.