Kapital bozoriga “Sukuk” kiritilishi rejalashtirilyapti
O‘zbekiston fond bozori moliyaviy vositalar xilma-xilligini ko‘paytirish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining mamlakatimizdagi loyihasi va Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlik olib borilmoqda. Xo‘sh, dunyoning iqtisodiyoti rivojlangan davlatlarida joriy etilgan mazkur tizim bizga qanday samara keltiradi?
- Respublikamizda islom “Sukuk” moliya vositasini joriy etish uchun huquqiy asoslar ishlab chiqish va infratuzilma yaratish ustida amaliy ishlar olib borilmoqda, - deydi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Norboy Jo‘lmatov. - Yaqin yillar ichida joriy etilishi rejalashtirilayotgan mazkur tizim orqali mamlakat moliya bozorini kuchaytirish uchun O‘zbekistonga mahalliy va xalqaro investitsiyalar jalb qilinadi. Buning uchun Islom taraqqiyot banki guruhi tomonidan 2020 yil oktyabr oyida trening-seminarlar o‘tkazildi va noyabr oyida xususiy sektorni rivojlantirish Istambul xalqaro markazi ko‘magida BMTning O‘zbekistondagi taraqqiyot dasturi hamda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan tayyorlangan “O‘zbekistonda Sukuk chiqarish imkoniyatlarini dastlabki o‘rganish” taqdimoti o‘tkazildi. 2020 yil 12 oktyabrda Prezidentimizning “Islom moliyalashtirish tamoyillari asosida qimmatli qog‘ozlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Bundan ko‘rinadiki, respublikamizda yaqin kelajakda “Sukuk” qimmatli qog‘ozlari chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun: “Sukuk” investitsiya jalb qilishning keng tarqalgan usuli bo‘lib, loyihaviy moliyalashtirish hamda ijara unsurlariga o‘xshab ketadi. Islom instrumentidan foydalanishning investor uchun eng afzal jihati shundaki, bunda qimmatli qog‘ozning daromadliligi “Sukuk” chiqarilayotgan loyihaning daromadiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘ladi.
Bundan tashqari, “Sukuk” o‘rta muddatli davrga kapital qo‘yilmalarning jozibador mexanizmi hisoblanadi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.