Karantin davrida sudlarga hujjatlarni faqat elektron shaklda yoki pochta orqali yuborish ma’lum qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2020 yil 20 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi sudlarida COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimiz sudlarida fuqarolarning shaxsiy qabuli, sud jarayonlari va sayyor sud majlislari vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Hujjatga ko‘ra, sudlar tomonidan faqat qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash; qamoqda saqlash muddatini uzaytirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish; shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish; ma’muriy qamoqqa olish; shaxsni g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish (statsionarda yotish muddatini uzaytirish); shaxsni sil kasalligiga qarshi kurashish muassasasiga g‘ayriixtiyoriy tartibda yotqizish (muassasada yotish muddatini uzaytirish); fuqaroni muomala layoqatini cheklash yoki muomalaga layoqatsiz deb topish to‘g‘risida va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan toifadagi ishlar ko‘rilishi belgilangan. Shuningdek, sudlar sud buyrug‘i tartibidagi ishlarni ham ko‘rishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati fuqarolardan hujjatlarni sudlarga faqat elektron shaklda yoki pochta orqali yuborishni ma’lum qildi.

Bundan tashqari, ko‘rib chiqish uchun tayinlangan ishlar qoldirilganligi sababli, ularning ko‘rilishiga qayta tayinlangan vaqti bo‘yicha sud majlisi ishtirokchilariga alohida xabar qilinadi.