Karantin davrida talabalarga belgilangan tartibda stipendiya to‘lab beriladi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabariga ko‘ra, stipendiyalarning faqatgina to‘lov turida o‘zgarish bo‘ladi, ya’ni naqd pul ko‘rinishida olayotganlarga stipendiya puli talabaning plastik kartasiga tushirib beriladi.

Respublikadagi barcha OTMlarda talabalarga joriy yil mart oyi uchun stipendiyalar to‘lab berilgan. Shu bilan birga to‘lov-kontrakt pulini to‘lamaganligi, akademik qarzdorligi, tegishli buyruq rasmiylashtirilmaganligi yoki bank plastik kartasi berilmaganligi uchun stipendiya to‘lashda kechikishlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Aksariyat hollarda talabalar tomonidan to‘lov-shartnoma shartlarining kech bajarilgani stipendiya tayinlash va bank plastik karatalarini ochishning kechikishiga asosiy sabab bo‘lgan.

Hozirda vazirlik tomonidan respublika miqyosida stipendiya to‘lanmagan talabalar haqida ma’lumot umumlashtirilmoqda. Ularga:

- naqd pul ko‘rinishida to‘lanmay qolgan stipendiyalar talabaning doimiy yashash joyiga pochta orqali yuboriladi yoki tumanlardagi bank filiallari orqali ro‘yxat asosida tarqatiladi;

- bank plastik kartalari orqali to‘lanadi, plastik kartalar ochilmagan talabalarga yangi kartalar ochilib, bank muassasasining hududiy bo‘limi orqali yetkaziladi.

Shuningdek, barcha talabalarga ta’lim shakli va o‘zlari tanlagan to‘lov turidan kelib chiqib, belgilangan tartibda stipendiyalar to‘liq to‘lab boriladi.