Karantin qoidalarini buzib, IIB xodimiga qarshilik qilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Kecha, 1 aprel kuni fuqaro S.U. (1988 yilda tug‘ilgan, sudlangan, ishsiz) “Lacetti” rusumli avtomashinasini karantinli sharoitda ruxsat beruvchi maxsus ruxsatnoma (stiker)siz boshqarib, “Samarqand-Toshkent”  yo‘nalishining  G‘allaorol tumani hududiga yetganda shu yerdagi yo‘l-patrul xizmati maskanida xizmat vaziflarini bajarayotgan Milliy gvardiya va sanitariya-epidemiologiya xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

Ayni jarayonda Jizzax viloyati IIB YHXB YPX inspektori tomonidan S.U.dan tegishli hujjatlarni taqdim etishi so‘ralganda, u inspektorning  qonuniy talablarini bajarishdan bosh tortib, uning ko‘krak qismiga zarb bilan urib, qochish maqsadida avtoulovini Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtda, mashinaning chap tomon old eshigiga osilib qolgan YPX inspektorini 600 metr masofagacha sudrab ketadi.

Holat yuzasidan shu kunning o‘zida G‘allaorol tumani prokuraturasi tomonidan JKning 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, haydovchi S.U. protsessual tartibda ushlangan.