Karantin yaqin orada tugamasligi mumkinmi?
Bugun AOKA shtabida bo‘lib o‘tgan brifingda Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov quyidagi savolga ham javob berdi.
➖ Yaqinda Prezidentimizning ommaviy axborot vositalarida chiqishlarida, balkim, karantin sharoitida ishlashga o‘rganishimiz ham kerakdir, degan fikrlarini eshitib qoldim. Karantin yaqin orada tugamasligi mumkinmi?
➖ Biz koronavirus pandemiyasi qachongacha davom etishini aniq bilmaymiz. Hech kim va hech qanday davlat bu savolga aniq javob bera olmayapti.
Shunday ekan, karantin tufayli korxona va tashkilotlarning faoliyatini butunlay to‘xtatib qo‘yish va epidemik vaziyat barqarorlashuvini kutib o‘tirish jiddiy iqtisodiy inqirozlarga olib kelishi mumkin.
Demak, koronavirus kasalligi bo‘yicha global pandemiyaning salbiy oqibatlari chuqurlashib ketishining oldini olish uchun tashkilot va muassasalarning sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda epidemiyaga qarshi tadbirlarni to‘liq bajarib, faoliyat yuritishlariga bosqichma-bosqich ruxsat berilishi kerak bo‘ladi.