Karantinda bo‘lgan xodimga 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to‘lanadi

AOKA huzuridagi shtabda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva ishtirokidagi brifingda aholidan tushgan muhim savollarga javob berildi.

- Men 28 kun belgilangan tartibda karantinda bo‘lganligim sababli ishga chiqa olmadim. Menga karantinda saqlanganim to‘g‘risida ma’lumotnoma berishdi. Ish joyim ma’lumotnomani faqatgina sababsiz ishga kela olmaganlikni tasdiqlashini aytdi. Shuningdek menga mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lanmaydi deyishdi. Bu qonuniymi?

- Prezidentning 2020 yil 19 martda “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5969-son Farmoni qabul qilingan. Ushbu Farmonga ko‘ra koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan ota-onalar (ular o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar), shuningdek, ularning 14 yoshgacha bo‘lgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to‘lanadi.