Karantinda tug‘ilgan kun va diskoteka uyushtirgan ayol qamoqqa olindi
Ba’zi fuqarolar karantin davridagi majburiy qoidalarga amal qilishni unutib, huquqbuzarlikka qo‘l urishyapti. Afsuski, ular orasida xotin-qizlar ham bor, deb xabar bermoqda O‘zA.
Ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona shahrida yashovchi 51 yoshli ayol Z.A. tug‘ilgan kunini nishonlash maqsadida yashash xonadoniga X.O.(ayol), uning o‘g‘li S.O. va tanishi A.N. yig‘ilib, spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Shundan so‘ng ular ovoz chiqaruvchi apparaturadan foydalanib, baland ovoz bilan qo‘shiq aytishadi. Mast bo‘lgani holda o‘yin kulgi qilishgan. Yarim tunda shu ko‘p qavatli uyda yashovchilarning tinchini buzadi.
Bundan tashqari, shu kuni tungi soat 24:00 lar chamasida mazkur holat bo‘yicha ichki ishlar bo‘limi xodimlari voqea joyiga kelishganida, ular jamoat joyi Farg‘ona shahar Yangi asr ko‘chasi, 108-uy oldida mast holda arzirli sababsiz baqir-chaqir ko‘tarishgan. Bir-birlarini quchoqlab, IIB xodimlarini uyatli so‘zlar bilan so‘kib, ularning qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarishmagan.
Karantin davridagi bu huquqbuzarlik ularga qimmatga tushdi. Farg‘ona shahar ma’muriy sudi tomonidan mazkur ish ko‘rib chiqilib, Z.A.ga 12, X.O.ga 7, uning o‘g‘li S.O. va A.N.larga 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.