Karantindagi fuqarolar xavfsizigini ta’minlagan harbiylar mukofotlandi

Bugun, 2 arpel kuni Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni ko‘rsatmasiga asosan Samarqand viloyatida joylashgan karantindagi fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun tantanali ravishda navbatdagi jangovar smena yuborildi. Bu haqda harbiy jurnalist, kapitan G‘ayrat Madrahimov ma’lum qildi.

Tadbirda okrug qo‘mondonligi, Samarqand, Jizzax hamda Navoiy garnizoni ofitserlari, harbiy qism komandirlari, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Dastlab sinovli kunlarda xalqimizga yelkadosh bo‘lgan, ya’ni karantindagi fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda va ko‘chalar, aholi uylarini dizenfeksiya qilishda, shuningdek, urush qatnashchilari, yolg‘iz keksalar holidan xabar olishda faollik ko‘rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilarga pul, esdalik sovg‘alari hamda navbatdagi unvonlar topshirildi.

Shundan so‘ng Samarqand viloyatida karantinga olingan shifoxona va binolarda fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga jalb qilingan bo‘linmalarga jangovar topshiriq berildi.

– Karantin maskanida xizmatni o‘tash jangovar vazifani bajarish bilan tenglashtiriladi, – dedi okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Aybek Saidov. – Samarqand (5 ta), Jizzax (1 ta) hamda Navoiy (4 ta) viloyatlaridagi 10 ta ob’yektda 200 nafarga yaqin harbiylar tomonidan patrullik qo‘riqlovi olib borilyapti. Bundan tashqari, ichki blok-postlarda ham xizmat to‘g‘ri tashkil etilgan. Karantin hududida qo‘riqlovni amalga oshirgan bo‘linmalar esa Samarqand harbiy gospitaliga 14 kunlik karantinga joylashtiriladi. Ular malakali shifokorlar nazoratida bo‘ladi.

Tantanali kuzatish marosimida faxriy qorovul tomonidan jangovar bayroq olib o‘tildi. Harbiy orkestr ijrosida jangovar kuy yangradi.