Karantindan keyingi hayot

Yana bir oylardan keyin dunyo bo‘ylab taqiqlar tugab hayot o‘z iziga tushadi. Mayli, bir oy emas, undan ko‘proq vaqt ketsin. Ammo qachondir, albatta bu vabosifat kasallikni tarqalishiga chek qo‘yiladi. Biroq jahonning mashhur tahlilchilari “dunyo endi avvalgidek bo‘lmaydi” degan farazni ilgari surishmoqda.

Xo‘sh, dunyo avval qanday edi?

Agar hozirda yashayotgan hayotimizga nazar soladigan bo‘lsak, tan olish kerak, odamzot ancha haddidan oshib ketgan ekan.

Barcha yerda nolish avj olgan, noshukurlik ko‘paygandi. Ijtimoiy tarmoqlarni esga olsangiz, ro‘mol bilan bo‘lishdik, aqlimiz yetadigan-yetmaydigan mavzularda chiqishlar qildik. Bilgan-bilmagan siyosatchiga, iqtisodchiga taqlid qilib “tahliliy maqola”lar bilan chiqishlar qildi. Ayrim xonandalar Qur’on ilmidan onlayn tarzda dars berishga urindi.

Tabiatni qiyratdik. Daraxt-nihollarni ildizidan qo‘pordik. Ona tabiat faryod urdi, tinglamadik. Ob-havoni zaharladik. Bo‘rqsib chiqayotgan tutunlardan osmon bo‘g‘ilayozdi, chiqindilardan dengizu-ummon larzaga keldi.

Kecha bozorga tushdim.

Sut mahsulotlari dokalar ostida, go‘sht-xasiplarning, obi-nonlar usti o‘ralgan.

Avvalgidek qo‘lini bankaga yoki qatiqqa tiqib, tatib ko‘rishlar, pulni olib, keyin mahsulotni ushlab sumkaga solib berishlar yo‘q. Tutun ichida salat bilan shashlikni xaridorga yetkazishga urinayotgan yoki baliqni kesib qonli pichog‘i bilan nonni to‘g‘rayotgan sotuvchilarni ko‘rmadim. Ular yo‘q.

Kasalxonaga bordim.

Sarg‘ayma, gripp, qizamiq kabi yuqumli kasalliklar bilan og‘riganlar juda kam.

Kattaqo‘rg‘on shahrida 33 ta yuqumli kasallikdan 2020 yil 3 oyida 19 ta kasallik bo‘yicha ich terlama, paratiflar, salionellyoz, dizenteriya, meningit, difteriya, skarlatina, ko‘kyo‘tal, qizilcha, qizamiq, virusli gepatit V, S, D, Ye, gripp, irsinioz, qoraoqsoq, tepki kabi kasalliklar ro‘yxatga olinmagan.

2019 yilning shu davriga nisbatan 12 ta kasallik bo‘yicha suvchechak, virusli gepatit A, o‘tkir ichak infeksiyasi, URVI kabi kasalliklar bo‘yicha kamayish kuzatilgan.

Virusli gepatit kasalligi 2019 yilning 3 oyida 34 ta aniqlangan bo‘lsa, 2020 yil 3 oyida 15 ta ro‘yxatga olingan.

Biz shu bugunga qadar infeksiyani ichida yashaganmiz. Bir-birimiz bilan mudom yaqin masofada aloqada bo‘lganmiz, umuman, gigiyena talablarini unutganimiz bois turli kasalliklarni o‘zimiz bilmagan holda tashib yurganmiz. Bu haqiqat.

Bir eslab ko‘ring.

Qaysi zamonda yo‘talgan yoki isitma qilgan odamni izolyasiya qilganmiz. Bizning o‘zbekcha “shamollabman” degan tashxis ortidan va uni davolashda oddiy “dumba yog‘ini qizdirib bosib” ozmuncha kasallikni o‘tkazib yuborganmizmi?

Hamma yer dezinfeksiya qilindi. Misli ko‘rilmagan hududlar qamrab olindi. Hech qaysi zamonda bu tarzda tozalik, gigiyenik tadbirlari amalga oshirilmagan.

Xullas, oldimiz yoz.

Boshlangan choralarimiz, tozalik va ozodalik bilan bog‘liq tadbirlarimiz davom etishi kerak.

Zora, milliyligimiz, madaniyatimizga yot bo‘lgan g‘ayritabiiy ko‘rishishlar o‘z o‘rnini ajdodlarimizdan meros qolgan ko‘ksiga qo‘l qo‘yib salomlashishdek chiroyli odatlarimizga bo‘shatib bersa.

Bugun amalga oshirilayotgan barcha xayrli ishlar, gigiyenik munosabatlar faqat belgilangan tartib qoidalar nuqtai nazaridan emas, balki odamiylik jihatidan ham saqlanib qolishi kerak.

Jamshid Nosirov.