Kasalxonani suvaraklar bosgani haqidagi video xabarlar uyushtirilgan
Jizzax viloyati Forish tumanilik R.M. o‘zi davolangan tuman markaziy shifoxonasining ichki kasalliklar bo‘limida sharoit yo‘qligi tufayli xonalarni suvarak (tarakan) bosib ketgani haqidagi videolavha ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaraga sabab bo‘lmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu vaziyatni o‘rganib, quyidagilarni ma’lum qiladi.
Forish tuman markaziy shifoxonasida tibbiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘nga yaqin bo‘lim faoliyat yuritadi. Shifoxonaning barcha bo‘limlari 2017-2019 yillarda rekonstruksiya qilingan. Xususan, 50 o‘ringa mo‘ljallangan ichki kasalliklar bo‘limi ham joriy yil boshida kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan. Zamonaviy mebellar bilan jihozlangan barcha xonalarda muzlatkichlar bor. Shu bilan bir qatorda bo‘limlarda bemorlar ovqatlanishi uchun maxsus oshxona ham tashkil etilgan.
Shifoxonaning barcha bo‘limlarida sanitariya qoida va me’yorlariga rioya etilishi ustidan tuman sanitariya-epidemiologiya nazorati bo‘limi tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. Tibbiyot muassasasining barcha bo‘limlarida kuniga uch marta joriy tozalov o‘tkaziladi. Barcha xonalar har haftada mukammal tozalanadi, har chorakda dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya ishlari tashkil etiladi. Oxirgi marta joriy yil 15 iyul kuni ham shunday sanitar tozalov tadbirlari tashkil etilgan.
O‘rganish jarayonida tibbiyot muassasasining bo‘limlari va xonalarida antisanitariya holatlari aniqlanmagan. Xonalarda suvaraklar va boshqa hashoratlar yo‘q. Buni shifoxonada davolanayotgan boshqa bemorlar ham tasdiqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, bemor R.M. davolanayotgan paytda shifoxona ichki tartib-qoidalariga rioya qilmagan. Natijada navbatchi shifokor va hamshira uni ogohlantirgan, hatto ish tibbiyot xodimlarining huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilishigacha borib yetgan. Tabiiyki, bu holat R.M.ga yoqmagan va shifokorlardan qasd olish maqsadida ushbu videolavhani uyushtirgan. Buni u o‘z tushuntirish xatida ham qayd etib, shifokorlardan uzr so‘ragan.
Shu o‘rinda, yurtdoshlarimizga yana bir bor murojaat qilib, ta’kidlashni istardikki, tibbiyot muassasalarida davolanishning ham o‘z tartib-qoida va mas’uliyati bor. Bunga barcha birdek rioya qilishi, avvalo, shifo istab kelgan har bir insonning sog‘-salomat oilasi bag‘riga qaytishi uchun muhimdir.