Kattaqo‘rg‘on anjir va xurmo yetishtirishga ixtisoslashtiriladi

Viloyat hokimligi tomonidan Kattaqo‘rg‘on tumanida aholining tomorqa va ijaraga berilgan yerlardan samarali foydalanish orqali daromadini oshirish, bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.

Seminarda viloyatdagi tegishli boshqarma va idoralar, tijorat banklari rahbarlari, tuman-shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari ishtirok etdi. 

Dastlab Mundiyon mahallasida joylashgan 1-sektor shtabida ko‘chatlar yarmarkasi tashkil etildi. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari F.Abilov, Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi J.Nasriddinov davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar asosida tumanda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyilini joriy etishda amaldagi qulupnaychilik bilan birga anjir va xurmo yetishtirishga ustuvor ahamiyat berilayotganini ta’kidladi. Mutaxassislarning tavsiyalari asosida hudud tuproq va iqlim sharoitiga mos anjir va xurmo ko‘chatlari tanlanib, aholiga tarqatilmoqda va shu orqali barqaror daromad manbalari yaratiladi. 

Jumladan, “Agrobank” tomonidan kattaqo‘rg‘onliklarga 100 mingta anjir va xurmo ko‘chati tarqatiladi. 

Ishtirokchilar uchun mahsulotlarni bozor talablariga mos yetishtirish va turlarini ko‘paytirish yuzasidan ko‘rgazmalar namoyish qilindi.

Seminar ishtirokchilari Mundiyon mahallasida yashovchi Mardon Shodmonovning tomorqadan foydalanish tajribasi bilan tanishdilar.

Otaxon 20 sotix tomorqasida uzum va ko‘chatchilikdan mo‘may daromad qilayotgani haqida gapirib berdi.

– 100 tup tok ko‘chatimiz bor undan voyish qilib, uzum yetishtiramiz, – deydi Mardon Shodmonov. – Bundan tashqari tok qalamchalari va turli xil mevali daraxt ko‘chatlari tayyorlab sotamiz, sabzavot ekinlari ekamiz. Ro‘zg‘orga nimaiki zarur bo‘lsa, o‘zimizdan chiqadi. O‘tgan yilda tomorqadan 100 million so‘m daromad qildik. Mehnat qilgan, izlangan odam hovlisining o‘zidan pul topib, orzu-havaslariga yetishi mumkin.

Tumanning Valijon mahallasidagi 40 nafar ishsiz fuqaroga ijaraga berilgan 12 gektar yer maydonida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida qulupnay yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Mahalla ahli xorijdan keltirilgan, serhosil qulupnay navini parvarishlab, mahalliy navlardan ko‘p va yiligi bir necha marta hosil olmoqda. 

 Seminar ishtirokchilari mahalla tajribasini o‘rganib, uni o‘z hududlarida ham joriy etish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar oldilar.

Shundan so‘ng, mehmonlar tumanning Kattaming mahallasida 5 gektar yer maydonida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida anjir ko‘chatlari ekish jarayonlarida ishtirok etdilar.

Shu yerda seminar qatnashchilariga agrotexnologiyalardan to‘g‘ri foydalanish va anjir ko‘chatlariga samarali parvarishlash usullari haqida mutaxassislar tomonidan tavsiyalar berildi.