Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi aralashgach, pensiya tayinlanishdagi xatolik tuzatildi
Fuqaro Arip Kadirov Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limiga murojaat qilib, ishlagan bir yillik davri pensiya stajiga o‘tmasdan qolganligi sababli sud orqali buzilgan huquqini tiklashga amaliy yordam berishni so‘ragan.
Murojaatga ilova qilingan hujjatlardan ko‘rinishicha, A.Kadirovga Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan mehnat staji 39 yil 2 oyni tashkil etganligi asos qilinib, 2010-2014 yillardagi 5 yillik o‘rtacha oylik ish haqlari 1.007.643 so‘mdan olinib pensiya tayinlangan.
A.Kadirovga pensiya tayinlanishida Samarqand shahar idoralararo xo‘jalik hisobidagi shaxsiy tarkib arxivining 2015 yil 23 fevraldagi 22-k-sonli arxiv ma’lumotnomasida 1977 yil ish haqi kitoblarida uning familiyasi qayd etilmaganligi bayon etilganligi sababli pensiya tayinlashda ushbu davr ish stajiga olinmagan.
Haqiqatdan ham Samarqand shahar idoralararo xo‘jalik hisobidagi shaxsiy tarkib arxivining 2015 yil 23 fevraldagi ma’lumotnomasida 1977 yil ish haqi kitoblarida A.Kadirov qayd etilmaganligi bayon etilgan. Lekin A.Kadirovning mehnat daftarchasida 1976 yil 16 iyulda Samarqand lokomotiv deposiga teplovoz mashinisti yordamchisi lavozimiga qabul qilinib, 1979 yil 1 oktyabrda boshqa ishga o‘tganligi sababli bo‘shatilgani yozilgan. Ammo pensiya tayinlashda xatolikka yo‘l qo‘yilib, arxiv ma’lumotnomasi asos qilinib, ish stajiga qo‘shilmagan.
A.Kadirovning avvalgi murojaati bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar tomonidan Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyat boshqarmasiga taqdimnoma kiritildi. Unga tayinlangan pensiya miqdorini qaytadan ko‘rib chiqib, qonunga muvofiqlashtirish so‘raldi. Taqdimnomaga javoban K.Aripovga to‘g‘ri pensiya tayinlanganligi asos qilinib, qaytadan pensiya tayinlanmadi.
Yuqoridagilarga ko‘ra sudga ariza bilan murojaat qilinib, Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi zimmasiga A.Kadirovni 1977 yilda Samarqand lokomotiv deposida ishlagan davrini pensiya tayinlashda mehnat daftarchasi bo‘yicha umumiy ish stajiga qo‘shib hisoblash majburiyatini yuklatish so‘raldi.
Kattaqo‘rg‘on tuman ma’muriy sudining hal qiluv qarori bilan Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limining arizasi qanoatlantirildi va A.Kadirovning buzilgan huquqlari tiklandi.
Alisher Mamatov,
Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi boshlig‘i.