Kattaqo‘rg‘on shahrida amaliy yordam ko‘rsatilmasdan “Yoshlar daftari”dan chiqarilganlar bor ekan
Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar natijalarini monitoring qilish maqsadida joylarda o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Shuningdek, bu borada yoshlardaftari.uz elektron platformasidan ham samarali foydalanmoqda.
Boshqarma axborot xizmatining ma’lum qilishicha, navbatdagi monitoring ishlari Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘tkazildi va bu jarayonda bir qator kamchiliklar aniqlandi.
Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on shahar 1-sektor hududidagi Yermachit mahallasida yashovchi Shohrur Muhammadiyev ishsizligi tufayli “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va ishga joylashtirilmasdan daftardan chiqarilgan.
2-sektor hududidagi Qoriravot mahallasida yashovchi Aziza Sharopova ishsizligi tufayli “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va doimiy ish o‘rniga joylashtirildi, deb "daftar"dan chiqarilgan. Biroq, ushbu fuqaro bilan suhbat davomida, u hech qanday ishga joylashtirilmagani va ayni paytda bola parvarishi ta’tilida ekanligini ma’lum qildi. Shu sektorning Kunjupay mahallasida yashovchi Azizbek Xayrullayev bilan ham shunday holat yuzaga kelgani aniqlandi.
3-sektor hududiga qarashli Islom shoir mahallasida yashovchi Otabek Erdonov ham ishsizligi tufayli “Yoshlar daftari”da qayd etilgan va “Iste’dodini qo‘llab-quvvatlash” degan “asos” bilan ro‘yxatdan chiqarilgan. Ammo fuqaro bilan bog‘lanish uchun ko‘rsatilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilinganda, bu raqam O.Erdonovga tegishli emasligi, shuningdek, daftardan chiqarilganligini asoslovchi hujjatga boshqa ma’lumot yuklangani aniqlandi. Shu kabi holat ushbu mahallada yashovchi boshqa bir yoshda ham kuzatilgan.
4-sektor hududidagi Zomin mahallasida yashovchi Furqat Qamariddinov “1 million 40 ming so‘mlik mehnat quroli ajratildi” deb “Yoshlar daftari”dan chiqarilgan. Fuqaro bilan bog‘lanilganda esa hech qanday mehnat quroli olmaganligini ma’lum qilgan.