Kattaqo‘rg‘on shahrida urush yillarida 13 bolani bag‘riga olgan Hamid Samadov jasorati aks ettirilgan monument ochildi
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda shahar hokimligi va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, matonatli va bag‘rikeng inson Hamid Samadovning Ikkinchi jahon urushi yillaridagi hayoti haqida so‘z yuritdi.
- Prezidentimiz 2021 yil 24 sentyabrda samarqandlik saylovchilar bilan o‘tkazgan uchrashuvida Ikkinchi jahon urushi yillarida janglarda qahramonlik ko‘rsatib, nogiron bo‘lib qaytgan Hamid Samadov va uning umr yo‘ldoshi Sanobar Samadovaning turli millatga mansub 13 nafar yetim bolani olib, voyaga yetkazganini yodga olgan edi, - deydi G.Alimova. - Shunda Prezident "Bunday insonlarga haykal qo‘yish kerak!", degan gaplarni aytgan va bu bo‘yicha zarur topshiriqlar bergandi.
Hamid Samadov Ikkinchi jahon urushi yillarida ikki marta qahramonlik ko‘rsatgan. Birinchisi - Stalingrad va Ukraina jang maydonlarida bo‘lsa, ikkinchisi - fuqarolik burchini ado etishda. Hamid aka 1944 yilda urushdan uyiga og‘ir jarohat bilan qaytib, 13 nafar qarovsiz qolgan bolalarni asrab olib, ularga g‘amxo‘rlik qilgan.
Hamid Samadov jasoratiga, odamiylik hislatlariga hamohang tarzda barpo etilgan ushbu yodgorlik majmuasi insoniylikning yuksak namunasiga qo‘yilgan monument bo‘ldi, deyish mumkin.
Hilola Ergasheva.