Kattaqo‘rg‘on tumanidagi xonadonda gaz portlashi oqibatida bir oilaning 4 a’zosi vafot etdi
Viloyat prokuraturasi xabar berishicha, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi xonadonlarning birida sodir bo‘lgan gaz portlashi oqibatida bir oilaning to‘rt a’zosi halok bo‘lgan.
Qayd etilishicha, 17 mart kuni soat 05:00 da Kattaqo‘rg‘on tumani, “Madrasa” mahallasida yashagan A.R. uyidagi tabiiy gazga mo‘ljallangan isitish pechini ehtiyotsizligi bilan noto‘g‘ri o‘t oldirganidan qisqa muddatli chaqnash kelib chiqqan. Oqibatda A.R, uning turmush o‘rtog‘i K.F, nabiralari I.A. hamda O.A. 50-60 foiz kuyish jarohatlari bilan davolanish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga joylashtirilgan.
Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, 26-mart kuni K.F. Kattaqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasida, voyaga yetmagan I.A. va O.A.lar RShTYoIM Samarqand filialida, 27-mart kuni esa A.R. Kattaqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.